1-MAVZU: O’ZBEKISTON TARIXI FANINING PREDMETI, UNI O’RGANISHNING NAZARIY-METODOLOGIK ASOSLARI Reja: 1. O’zbekiston tarixi fanining predmeti va tadqiqot obyekti. 2. O’zbekiston tarixini o’rganishning nazariy-metodologik tamoyillari va g’oyaviy asoslari. 3. O’zbekiston tarixining dolzarb muammolari, davrlashtirish va tarixni o’rganishda manbalarning ahamiyati. 4. O’zbekiston tarixi fanining yoshlarni har tomonlama ezgu fazilatlar ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati. Tayanch so’z va iboralar: Tarix fani predmeti va obyekti. Metodologik tamoyillar. Dialektik metod. Milliy istiqlol g’oyasi. Vatan tarixini davrlashtirish. Moddiy manbalar. Yozma manbalar. Tarixiy xotira. -IO’zbekiston tarixi umumjahon insoniyat tarixining ajralmas qismi hisoblanadi. Bu fan xalqimiz tarixini haqqoniy tasvirlovchi, aks ettiruvchi ko’zgu, ijtimoiy, siyosiy, tarbiyaviy, ma’naviy saboqlar majmuasidir. Tarixiy haqiqat to’la ro’yobga chiqishi, haqqoniy tarix yozilishida tarix fanining predmeti va obyektini to’g’ri belgilanishi o’ta muhim ahamiyatga ega. Tarix fani o’z xususiyatiga ko’ra: - Birinchidan, o’zining butun diqqat e’tiborini faqat o’tmishga qaratadi, undan saboq beradi, xulosa chiqaradi, ajdodlarimizning hayot tarzini, ular yaratgan moddiymadaniy, ma’naviy-mafkuraviy qadriyatlarni o’rganadi. - Ikkinchidan, tarixiy voqyea va hodisalar qat’iy aniqlikda, davriy ketma-ketlik – xronologik asosda o’rganiladi. - Uchinchidan, O’zbekiston tarixi fani o’tmishdagi iqtisodiy-ijtimoiy hayotning ahvoli, rivojlanishi va tanazzulining sabab hamda oqibatlarini o’rganadi, ulardan kelajak uchun saboq va xulosa chiqaradi. - To’rtinchidan, O’zbekiston tarixi fani ko’p qirralik va xilma-xillik xususiyatiga ega. U jamiyat taraqqiyoti va inqirozlarining faqat bir tomonigina emas, balki jamiyatning hamma tomonlarini uzviy o’zaro bog’liklikda, bir butunlikda o’rganadi. O’zbekiston tarixining o’rganish predmetiga mana shu makondagi jamiiyki xilma-xil voqyea va hodisalar, ulardagi umumiy aloqadorlik va yaxlit birlik hamda qonuniyatlar hodisasi va jaryonlar, umuman xalq va insonning yaratuvchanlik faoliyati kiradi. O’zbekiston tarixi fanining o’rganish obyekti O’zbekistonning tarixidir. Tarixiy obyektga nisbatan O’zbekiston tarixi fanining maqsadi, vazifasi, yo’nalishi va faoliyati doirasi yoki chegarasi belgilanadi. Ma’lum bir ma’noda obyekt bilan predmet bir-biriga juda yaqin tushuncha bo’lsada, ular tarix fanida tutgan o’rni va vazifasi bilan farqlanadi. Obyekt aniq tarixiy davr, makon, zamon va geografik mintaqaviy chegaralar, ma’lum bir xalq, millat, mamlakat tarixi bilan bog’liq bo’lib, shular doirasidagi voqyea va hodisalarni bir butun va yaxlitlikda o’z ichiga oladi. Predmet esa mana shu bir butun obyekt ichidagi aniq tarixiy-madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardan iboratdir. O’zbekiston tarixi fani fan sifatida ijtimoiysiyosiy, umuminsoniy fan bo’lib, inson va millat, o’z o’tmishini bilishi, o’zligini o’zi anglashi hamda kelajagini belgilashida asosiy dasturamal hisoblanadi. O’zbekiston tarixi fani yakka holda rivojlanmaydi. U ijtimoiy-gumanitar fanlar bilan doimo o’zaro aloqada turadi. Insoniyat hayotining ma’no-mazmunini va jamiyat taraqqiyotining umumiy qonuniyatlari haqida fikr yuritganda falsafa, davlat qurilishi va jamiyatni boshqarish masalalarida politologiya, iqtisodiy hayotni yuritishda iqtisodiyot nazariyasi, xalqning turmush tarzi, tili va milliy mentalitetini tasvirlashda etnografiya, o’zbek tili va adabiyoti, dinshunoslik fanlari yutuqlaridan foydalaniladi. Tarixshunoslik, manbashunoslik, arxeologiya, arxivshunoslik kabi maxsus fanlar tarixni chuqur anglab yetishga ko’maklashadi. -II- 1) O’zbekiston tarixi fanining nazariy-metodologik tamoyillari quyidagilardan iborat: - ilmiy xolislik (obyektivlik); - tarixiylik; - mantiqiy izchillik; - vorislik va xronologik izchillik; - g’oyaviylik va vatanparvarlik; - qiyoslash, kuzatish, umumlashtirish; - bahslashish, munozara yuritish va isbotlash; - matematik hisoblash; - shakllash va modellashtirish; - ayrimlikdan umumiylikka (induksiya) va umumiylikdan ayrimlikka (deduksiya); - etnografiya, arxeologiya, antropologiya, genealogiya va boshqa fanlarning metodlaridan keng foydalanish va boshqalar. 2) O’zbekiston tarixi fanining nazariy-metodologik g’oyaviy asoslari: - din bilan dunyoviylik o’rtasida mo’tadil munosabat bo’lishi va dunyoviylik aslo dahriylik emasligi; - tarixni milliy, umuminsoniy, muqaddas hodisa hamda qadriyat deb tushunmoq; - tarixda hozirgi zamon sivilizasiyasi nuqtai nazari va bag’rikenglik asosida yondashish; - tarixiy taraqqiyot asosini evolyusion tadrijiy yo’l va islohotchilik tashkil etadi, deb anglamoq; - tarix, jamiyat va tabiat hamda insoniyat dialektika va sinergetika qonuniyatlari asoslarida rivojlanishi haqiqat ekanligi; - tarix milliy va umuminsoniy xotira, millat va xalqlarning joni, tani hamda g’oyaviy-mafkuraviy muhofaza quroli ekanligi. 3) Metodlar: - Dialektik metod. Dialektika (yunoncha – dialektike – rivojlanish to’g’risidagi falsafiy ta’limot) olam yagona va yaxlit, unda sodir bo’ladigan hodisalar, voqyealar umumiy va o’zaro bog’lanishi, uzluksiz harakatda, ziddiyatli taraqqiyotda bo’ladi, deb ta’lim beradi. Bu degani olamda sodir bo’lgan hodisalar, voqyealar ma’lum bir bog’lanishda, uzluksiz harakatda, ziddiyatli taraqqiyot jarayonida sodir bo’lishini inobatga olmoq lozim. Demak, O’zbekiston tarixini o’rganar ekanmiz, uning jahon tarixining bir bo’lagi ekanligini yodda tutmoq kerak. - Xolislik metodi. Tarixiy voqyea, hodisalarni o’rganish, tahlil etish va yoritishga xolislik – haqqoniy, adolatli yondashuv muhim metodologik qoidadir. Xolislik qoidasini tarixiy voqyea, hodisalarni o’rganayotganda ular bilan bog’liq bo’lgan barcha faktlarning hyech bir istisnosiz butun majmui bilan birga olib tekshirishni, aniq, haqqoniy dalillarga asoslanishini talab qiladi. Tarixiy hodisalarni bir butun holda, o’zaro aloqada va munosabatda deb o’rganish kerak. - Tarixiylik metodi. Tarixiylik metodi o’rganilayotgan davr shart-sharoitlarini, tarixiy muhitni inobatga olmoqni taqozo qiladi. Voqyea-munosabatlarni o’rganishda tarixiy bog’lanish, tarixiy rivojlanish jarayoniga e’tibor qilmoq zarur. Har bir hodisa qanday tarixiy sharoitda, muhitda bo’lganligini, bu hodisa o’z taraqqiyotida qanday asosiy bosqichlarni o’tganligini, keyinchalik u qanday bo’lib qolganligini bilish tarixiylik qoidasining asosiy talabidir. -III1) O’zbekiston tarixining dolzarb muammolari: - O’zbek halqining kelib chiqishi va shakllanish bosqichlari; Vatanimiz hududida eng qadimgi davrlardan boshlab yashayotgan aholi, ularning joylashuvi va ijtimoiy aloqalari; bu aholining qo’shni qabilalar va elatlar bilan o’zaro turli munosabatlari. - Dastlabki o’zbek davlatchiligining paydo bo’lishi va rivojlanishi muhim masaladir. Ayniqsa, mahalliy qadimgi aholi o’troq yashaganligi, dehqonchilik xo’jaligini rivojlantirganligi, dastlabki aholi manzilgohlarining paydo bo’lganligi; dastlabki manzilgohlar rivojlanib ilk shaharlarga aylanganligi; dastlabki shaharlarning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va ma’muriy markazlar sifatida rivojlanganligi va nihoyat, mazkur jarayonlarga asos bo’lib xizmat qilgan omillar o’ta muhimdir. - Arxeologik manbalar asosida o’lkamiz hududida qadimdan vujudga kelgan ilk davlat uyushmalari tarixi, ularning o’zaro va qo’shni davlatlar bilan olib borgan turli aloqalari, ularning tarixiy-geografik hududi va chegaralarini o’rganish ham munozarali mavzu hisoblanadi. Shu o’rinda yurtimiz hududlari va xorijda bitilgan o’rta asrlarga oid yozma manbalar asosida O’zbekiston tarixi sahifalarini yanada kengaytirish va boyitish bo’yicha qilinadigan ishlar nihoyatda ko’p. 2) O’zbekiston tarixini davrlashtirish: O’zbekiston tarixi quyidagi davrlarga bo’linadi: - Ibtidoiy jamoa tuzumi; - Qadimgi davr: davlatchilikning shakllanishi va rivojlanishi; - O’rta asrlar davri (ilk o’rta asrlar – V-VIII asrlar, Uyg’onish davri – IX-XII asrlar, mug’ullar istilosi – XIII asr, Temur va Temuriylar davri – XIV-XV asrlar, xonliklar davri – XVI-XIX asrlar); - Turkiston Rossiya imperiyasi mustamlakachiligi davrida; - O’zbekiston sovetlar hokimiyati davrida; - Mustaqillik davri. 3) O’zbekiston tarixini o’rganishda manbalarning o’rni Tarixiy manbalarni o’z mazmuni va mohiyatiga ko’ra birlamchi va ikkilamchi manbalarga ajratish mumkin. Birlamchi manbaga tarixiy hujjatlarning asl nusxasi, ikkilamchi manbaga esa, mana shu birlamchi manbalar asosida e’lon qilingan maqola va kitoblarga keltirilgan ma’lumotlar kiradi. Manbalar o’z holatiga ko’ra, moddiy va yozma ko’rinishlarga ega bo’ladi. Moddiy manbalar: 1. Mehnat qurollari. 2. Harbiy qurol-yarog’lar. 3. Tanga pullar. 4. Uy-joylar, qabrlar. 5. Uy-ro’zg’or buyumlari: idish-tovoqlar va boshqalar. 6. Devoriy tasvirlar. 7. G’al’alar, shaharlar va boshqalar. Yozma manbalar: 1. Yozuv belgilari. 2. Toshga yozilgan bitiklar. 3. Teriga, qog’ozga yozilgan ma’lumotlar. 4. Xalqlar hayoti, yuz bergan voqyea va hodisalar haqida yozilgan kitoblar. 5. Davlat boshliqlarining yozma shakldagi farmonlari. 6. Yer, qimmatbaho narsalarni in’om qilish, meros qoldirish, sotib olish bo’yicha rasmiylashtirilgan hujjatlar. 7. Arxivlar. 8. Yordamchi manbalar (esdaliklar, xotiralar, kundaliklar). O’zbekiston tarixini yaratish va o’rganishdagi asosiy manbalar: 1. Arxeologik, etnografik, numizmatik manba va materiallar, yozma manbalar – «Avesto», «mixxat, fors yozuvlari, qadimgi yunon, xitoy, hind, rim va vizantiya tarixchilarining asarlari. 2. Ulug’ ajdodlarimiz – buyuk allomalar va dono mutafakkirlar, tarixchilar, shoirlar, yozuvchilar qoldirgan asarlar. 3. Turli hujjatxonalarda saqlanayotgan qo’lyozma asarlar, hujjatlar, ashyolar. 4. Kutubxonalarda saqlanayotgan yozma kitoblar, ilmiy, badiiy, memuar asarlar, darsliklar, qo’lyozmalar, risolalar, to’plamlar. 5. Muzeylarda saqlanayotgan ko’rgazma zallari hujjatlari, birinchi navbatda arxeologiyaga oid qazilma yodgorliklari. 6. Muzey-shaharlar, tarixiy obidalar, yodgorliklar. 7. Kino, fono, foto hujjatlar va hokazolar. -IV- O’zbekiston tarixi yoshlarga xalqimizning o’tmishi, tarixi haqida bilim bilan chegaralanib qolmaydi, u yoshlarni vatanparvar, ma’naviy jihatdan komil fuqaro etib tarbiyalashga xizmat qiladi. O’zbekiston tarixi fani oldida turgan asosiy vazifa quyidagilardan iboratdir: - Birinchidan, yoshlarga va bo’lajak mutaxassis kadrlarga chuqur milliy va umuminsoniy tarixiy, g’oyaviy-siyosiy, ilmiy-nazariy dunyoqarashni singdirish. - Ikkinchidan, yoshlarga milliy tafakkur, g’urur va milliy vijdon va umuminsoniy barkamollikni tarbiyalash. - Uchinchidan, yoshlarga otashin vatanparvarlik va harbiy jasoratni, millat va Vatanga sadoqatni tarbiyalash. - To’rtinchidan, yoshlarga milliy va tarixiy qadriyatlarni e’zozlash, asrabavaylash ruhini singdirish, ularda yuksak axloqiy fazilatlarni tarbiyalash. - Beshinchidan, yoshlarni Vatan va xalq, millat, ota-ona, farzand, tabiat va jamiyat oldidagi muqaddas burchlarni chuqur his etish va ularni sadoqat ruhida tarbiyalash. Adabiyotlar ro’yxati: 1. Karimov I.A. O’zbekistonning o’z istiqlol va taraqqiyot yo’li. – T.: O’zbekiston, 1992. 2. Karimov I.A. Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q. – T.: Sharq, 1998. 3. Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. – T.: Ma’naviyat, 2008. 4. Karimov I.A. O’zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida. – T.: O’zbekiston, 2011. 5. Usmonov Q., Sodiqov M., Oblomurodov N. O’zbekiston tarixi. I-qism. – T., 2002. B. 6-21. 6. O’zbekiston tarixini o’qitish va o’rganishning yagona konsepsiyasi. – T., 1996. 7. O’zbekiston tarixi / R.Murtazayeva umumiy tahriri ostida. T.: Yangi asr avlodi, 2003. B. 7-20. 8. Usmonov Q., Sodiqov M., Burxonova S. O`zbekiston tarixi. T.: IQTISODMOLIYA, 2006. B. 6-20. 9. Shamsutdinov R., Karimov Sh. Vatan tarixi. K.1 / Mas`ul muharrir: A.Sagdullaev. – T.: Sharq, 2010. B. 4-13.