1. Agressiya va zo'ravonlik haqida tushuncha. 2. O’z agressiyasini yengish usullari va u bilan bog’liq masalalari. 3. Komlektli vaziyatlarda g’azab va qahr. Agressiya va zo‘ravonlik o‘zaro bog‘liq tushunchalar bo‘lib, inson kayfiyatida agressiv holatlarning o‘sib borishi va to‘planishi oqibati sifatida zo‘ravonlikka olib kelishi mumkin. Lotin tilida agressiya “hujum qilish” ma’nosini anglatadi. Agressiya inson xarakterida tug‘ma va tabiiy bir element sifatida, xuddi shuningdek, agressiyadan asli uzoq odamning favqulodda vaziyatda o‘z emotsiyalarini tuta bilmasligi (4-rasm), ularni nazorat qila olmasligi oqibatida vujudga kelishi mumkin. Konfliktli vaziyatlarda ko‘pchilik o‘z instinktlari va hissiyotlari asosida o‘zini tutishga o‘rganib qolgan. Bunday holni ko‘pchilik qabul qiladi va aynan mana shu yo‘l to‘g‘ri deb biladi. Shu bois, konfliktli vaziyatda zo‘ravonlik ishlatilsa, birovning hayotiga tahdid solinsa, jismoniy kuch ishlatish qo‘llanilsa, ko‘pchilik, ziddiyat mavjud ekanligini hisobga olgan holda, bu vaziyatlarda “kechirimli bo‘lish” lozimligini, bunday holatning kelib chiqqanligini anglash mumkinligini ta’kidlashadi. Ammo, har qanday vaziyatda ham birovning hayoti, uning sog‘lig‘iga zo‘ravonlik o‘tkazib bo‘lmasligini unutishadi. Zo‘ravonlik aslida inson xarakterining qusuri, uning kamchiligi hisoblanadi. Odam o‘z hissiyotlari ustidan nazorat o‘tkaza olmasligi, yoki o‘zini tiya bilmasligi uning zo‘ravonlikka ruju qo‘yishiga asos bo‘lib xizmat qiladi. Zo‘ravonlik insonning kuchli ekanligini emas, balki aksincha uning kuchsiz va irodasiz ekanligini ko‘rsatadi. o‘quvchilariga Shu zo‘ravonlik bois, o‘qituvchi o‘tkazganda, o‘z bunday zo‘ravonlik irodasizlik belgisi sifatida baholanishi tabiiydir. Zo‘ravonlik aslida barcha madaniyatlar, sivilizatsiyalarda qoralanadi. Zo‘ravonlik barcha sharqona kurash turlari, ya’ni dzyu-do, taekvon-do, karate, ushu va boshqalarda ta’qiqlanadi. Mazkur kurash turlarining barchasi hujum qilish usullari emas, balki eng avvalo, o‘zini himoya qilishning jismoniy yo‘llari hisoblanadi. Ularning barchasida inson hayoti aziz ekanligi borasidagi ma’naviy falsafa tarbiyalanadi va o‘qitiladi. O‘zbeklarning milliy kurashida ham o‘zini himoya qilish vositalari va o‘zaro tenglik g‘oyalari tarbiyalanadi. Zo‘ravonlik qo‘llanilganda konfliktning yaratuvchanlik xususiyati emas, balki vayron etish xususiyati faol bo‘ladi. Konfliktning vayron etish xususiyati esa insonni stress, depressiya, o‘zgalardan o‘zini olib qochish, hayotdan bezish, o‘z kuchiga haddan tashqari ishonch, boshqa tarafdan o‘z kuchiga ishonmaslik, doimiy jahldorlik, jizzakilik, tajanglik, besabrlilik, besaromjonlik kabi holatlarga olib keladi. Zo‘ravonlik ishlatgan insonlar ko‘pchilik hollarda ma’naviy jihatdan to‘la shakllanib bo‘lmagan, ma’lum “kompleks”larga ega bo‘lgan, ma’naviy majruh odamlardir. Ular aslida o‘zlarini juda past baholashadi, ular o‘zlarining “nosog‘lom” ekanliklarini intuitiv tarzda anglashadi, shu bois bu xususiyatlarning mavjud ekanligini ko‘rsatmaslik, oshkora etmaslik, birovlar mazkur “past” baholanishni bilib qolmasmasligi va sezmasligi uchun, tashki ko‘rinishda va muomalada, zo‘ravonlik yo‘lini, agressiv usulni, jahl va tahdidga asoslangan “o‘zini tutish” yo‘nalishini tanlashadi. Ular aynan zo‘ravonlik orqali o‘zlarining kuchlarini ko‘rsatmoqchi bo‘ladilar, ammo ruhan bunday odamlar ruhiy majruh va psixologiyasi mo‘rt odamlardir. Pedagogika va psixologiya bilan oz-moz tanish bo‘lganlar darrov mana shu agressiya ortida insonning o‘ziga ishonchi mavjud emasligini bilib olishadi. Demak, o‘zini zo‘ravon va jahldor qilib tutayotgan odamlar aslida o‘zlari xarakterida mavjud bo‘lgan “o‘ziga ishonmaslik”ni yashirishga harakat qilayotgan odamlardir. Ular bu narsalarni tan olmasligi, yoki anglamasligi ham mumkin. “Men “zo‘r”man, shuning uchun hamma narsani qilaveraman”, degan aqidaga ishonishi ham mumkin. Ammo zo‘ravonlik harakatlari ortida turgan barcha maqsadlar, aslida, insonning ma’naviy bo‘shligi, yetuk emasligi, to‘laqonli ma’naviy shakllanmaganligi, uning o‘z emotsional holatini va o‘z harakatlarini nazorat qila olmasligi, irodasiz va bo‘shligining yorqin natijasi va namoyishi hisoblanadi. Zo‘ravonlik va konfliktologiya sohalari o‘zaro bog‘langan masalalardan hisoblanadi. Aslini olganda konfliktologiyaning mustaqil fan sohasi sifatidagi shakllanishi va rivojlanib kelayotganligiga ko‘p bo‘lganicha yo‘q. Shu bois inson xarakteri va amallariga hos bo‘lgan zo‘ravonlik ham yangi o‘rganilayotgan va tan olinayotgan sohalardan hisoblanadi. Ko‘pchilik hollarda konfliktni tushunish uchun mavjud zo‘ravonlik sabablarini anglash lozim bo‘ladi. Chunki hayotda oilaviy zo‘ravonlik ko‘proq uchrab turadi. Zo‘ravonlik nima oqibatlarga olib kelishi mumkinligini bilgan odam uni yengillik bilan, o‘ylamay qo‘llamaydi. Zo‘ravonlikdan voz kechish konfliktda ijobiy natijaga asos bo‘ladi. Eng muhimi, zo‘ravonlik ziddiyatning yechimi bo‘la olmasligi, zo‘ravonlik ziddiyat hamda muammoni hal etmasligini anglash darkor. Har qanday kuchli konflikt ham, tomonlarning juda kattiq o‘zaro to‘qnashuvi ham zo‘ravonlikni ishlatish va qo‘llash uchun asos bo‘la olmaydi. Shu bois, kattiq to‘qnashuv, ya’ni ziddiyat zo‘ravonlikka olib keladi, deb o‘ylash xato va noto‘g‘ridir. Konflikt vaziyatlarda ko‘pincha agressiya va zo‘ravonlik uchrab turadi. Agressiya va zo‘ravonlikni konflikt yechimi sifatida qo‘llash hollari mavjud. Ba’zilar tahdid qilish, shantaj, zo‘ravonlikka o‘tish orqali ziddiyatni yechish mumkin deb hisoblaydi. Ammo bu noto‘g‘ri qarash. Zo‘ravonlik konflikt yechimi bo‘la olmaydi, u konfliktni zo‘ravonlik va agressiyaga to‘qnash keltirish degani xolos. Konfliktni zo‘ravonlikdan olib chiqib ketish va uni gumanistik talablar asosida muammoga qaratish, natijada muammoni yechish – konflikt yechimi topildi degani bo‘ladi. Zo‘ravonlik o‘z kuchini muammoga qaratmagani, shu bilan birga, insonlar hayotiga havf tug‘dirgani sababli konfliktning yechimi bo‘la olmaydi. Aslida, zo‘ravonlik konfliktni juda ham chuqurlashtirib yuboradi. Zo‘ravonlik tomonlarni hech vaqt bir-biriga yaqinlashtirmaydi, balki uzoqlashtiradi xolos. Xitoy faylasuflaridan Lao-Szi bu haqida shunday degan: “Ariqlar va daryochalar o‘z suvini dengizga dengiz poyidan pastroq bo‘lganliklari uchun beradilar. Odamlar ham, o‘zini ulug‘vorlik bilan tutishlari uchun, o‘zini boshqalardan pastroq tutishi kerak”. Chunki Budda ta’limotida ta’kidlanganidek, “Haqiqiy g‘alaba, hech kim o‘zini mag‘lub etilgan deb hisoblamagan holatdagi g‘alabadir”. Shoir Lev Tolstoy esa, “G‘azabda boshlangan narsa, odatda, uyatda tugaydi”, - deb ta’kidlagan. Zo‘ravonlik – o‘zini boshqalar ustidan ustun qo‘yishning eng oliy va fojeali natijasidir. Shu bois, barcha, o‘zini ziyoli va ma’lumotli deb anglagan odamlar, zo‘ravonlikdan o‘zini tiyishni hayot qonuniyatiga aylantiradilar. O‘z agressiv holati va qalbida tug‘yon urgan zo‘ravonlik kayfiyatlarini yengib o‘tish mumkin-mi?! Albatta, ha, yengib yashash mumkin! Karina V. Korostelina and Simone Lassig. History Education and PostConflikt Reconciliation. USA Canada. Routledge, 2013. O‘z agressiyasini yengish usullari. Agressiyani yengish bo‘yicha uch umumiy usul taklif etiladi. Ular: passiv usul, faol usul va mantiqiy usul. Passiv usul – o‘z kayfiyati, hissiyotlari, o‘zini qiynagan masalalar borasida birovga dardini to‘kib solish, o‘rtoqlashish, suhbat qilishda namoyon bo‘ladi. O‘z hissiyotlariga erk berish, ularninig chiqib ketishiga imkon yaratish qalbdagi agressiv vaziyatning kuchayishini oldini oladi. Bu borada ayollar yig‘lab-siqtab olganlaridan so‘ng, ancha yengillik his qiladilar. Faol usul– faol usulning barcha turlari faol harakatlar olib borish asosiga qurilgan. Adrenalin – inson kayfiyatidagi tanglik holatining tibbiy asosi bo‘lgan modda – jismoniy mashqlar, harakatlar, mehnat jarayonida yediriladi. Buning oqibatida inson kayfiyatida xushnudlik holati vujudga keladi. Mantiqiy usul – ratsional, intellektual odamlarning usuli bo‘lib, bu usul juda katta qalb va aql mehnatini talab etadi. O‘z hissiyotlarini boshqara olish qobiliyatini egallagan odamgina mazkur usulni qo‘llay oladi. Bunday odamlar masalaning mohiyatiga urg‘u beradi. Uning mohiyatini tushunish esa muammoning yechimiga olib keladi. Muammoni tushunish asosida uni yechish yo‘llari ochiladi va kelib chiqadi. Shu bois, bunday odamlar har vaqt o‘zlarini agressiyadan ozod qilish hususiyatiga ega bo‘ladilar. Bu jarayon inson ichki hissiyotlari borasida olib borilgan analitik tahlilga o‘xshaydi. Shu bilan bir qatorda odamlarning jahli chiqqanida hamda agressiya va zo‘ravonlik bilan to‘qnash kelganda, nimalar qilish lozimligi, qanday o‘zimizni tutishimiz kerakligi yuzasidan 6-ilovada maslahatlar berilgan.