Uploaded by Zebuniso Kobilova

Zamonaviy pedagog

advertisement
ZAMONAVIY PEDAGOG −KUCHLI MAHORAT EGASI
Zebiniso Kabilova
Andijon viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning
malakasini oshirish hududiy markazi Tillarni oqitish metodkasi
kafedrasi mudiri, f.f.n.
Mutaffakirlar mutafakkiri hazrat
Alisher Navoiy bizgacha tilga berilgan
e’tibor orqali elga bo‘lgan e’tiborni anglab yetish mumkin ekanligini asoslab
bergan. Mustaqillik sharofati bilan ona tilimiz bo‘lgan o‘zbek tili Davlat tili yuridik
maqomiga erishdi. Bu esa hammamizdan ona tilimizga bo‘lgan hurmat-e’tibor,
extiromni qonuniy talab qiladi.
Davlat tili (o‘zbek tili) O‘zbekiston
Respublikasining o‘zbek xalqi, milliy bayrog‘i, gimni, gerbi kabi hayotiy muhim
qismidir. O‘zbek tili davlat tili mavqei berilgan tarixiy sanaga e’tiborimizni
qarataylik. O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligi milliy tilga e’tibordan
boshlandi. Milliy tilimizda faxr va iftixor bilan mustaqilligimiz, siyosiy ramzlarimiz
e’lon qilindi. Ushbu tarixiy voqeaga 30 yil bo‘ldi. YuNESKO tashkiloti ekspertlari
tomonidan 1953-yilda “davlat tili” va “rasmiy til” tushunchalarini farqlash taklif
etilgan. Demak o‘zbek tili davlat tili hamda davlatning ramzi sifatida uning keng
taraqqiy etishi uchun siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarini birlashtiruvchi
vazifasini amalga oshiradi. Rasmiy til sifatida esa davlat boshqaruvi, qonunchilik,
sud jarayoni tili hisoblanadi. Til va uning imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalangan
holda davlat boshqaruvi, qonunchilik, sud jarayoniga mas’ul shaxslarning asos va
dalillarni to‘g‘ri fikrlab, to‘g‘ri yetkazib bera olish - ular faoliyatining eng muhim
jihati hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek
tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari
to‘g‘risida” gi PF-5850-son Farmoniga
binoan uning huquqiy asosini yanada
mustahkamlash va maqomini yanada yuksaltirish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab
chiqildi. O‘zbek tili ulug‘ ajdodlarimizning boy merosidir. Xalqimiz o‘zida ushbu
merosga voris ekanligini faxr bilan his etishi kerak. Zamonaviy pedagog oldida ham
o‘z faoliyatini milliy yuksalish sari tamoyiliga tayangan holda taskil etish masalasi
turibdi. Mustaqillikning dastlabki davrlaridanoq mamlakatimizda tinchlik hamda
iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash bilan bir qatorda yosh avlodda komil inson
shaxsini shakllantirish ham davlat ahamiyatiga molik asosiy masala qilib belgilab
qo‘yildi.
Xalqimiz “Ish quroling soz bo‘lsa, mashaqqating oz bo‘lar” - degan naqlni
bejiz yaratgan emas. Pedagogning asosiy ish quroli – so‘z. Pedagog har bir so‘zning
ma’nosini uqqan holda undan unumli foydalana olish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak.
Tilimizning ravnaqiga to’siq bo’luvchi har qanday hodisalarga qarshi turish, bartaraf
etish uchun boy so‘zlar zahirasiga ega bo‘lishlari lozim. Chunki pedagog oldida yosh
avlodga zamon talablari darajasida ta’lim va tarbiya berish, unda barkamol shaxs
sifatlarini shakllantirish – zarur va ishlaydigan bilimlar bilan ta’minlash vazifasi
turibdi. Pedagog avvalo, o‘z ona tilisida yoki o‘zga bir tilda to‘g‘ri, madaniy gapira
olish va yoza olish malakasini shakllantirishi, o‘quvchi uchun zarur bo‘lgan bilimni
unga tushunarli holda yetkaza olishi lozim. Negaki, insoniyat qo‘lga kiritgan tajriba,
bilimlarni saqlash va kelajak avlodlarga yetkazish kabi o‘ta muhim va mas’uliyatli
vazifalar bevosita yozuv orqali amalga oshadi. Pedagog o‘z faoliyatida og‘zaki nutqini
qayd etadi, uni zamon va makonda saqlaydi. Yozma nutq til mavjudligining bir
shaklidir. Pedagog nutqning har ikkala shaklini puxta egallagan kuchli mahorat
egasidir.
Pedagog ham o‘z navbatida kasbiy, shaxsiy, umummadaniy, maxsus va boshqa
muhim kompetensiyalarni egallagan bo‘lishi, xususan o‘z ona tilisini chuqur bilishi
zarur. Tilning, avvalambor, pedagog tomonidan qanday maqsadlarda qo‘llanishi
muhim omil sanaladi, uning kasbiy mahoratini oshirishda asosiy e’tibor uning tiliga
bo‘lgan munosabati, uni qo‘llashdagi maqsadlariga, ya’ni turli nutqiy aktlardagi ongli
ishtiroki, nutqiy akt jarayonida fonetik uslubiy vositalar - ovoz, ohang, tembr, diksiya,
ritm va boshqalardan maqsad va niyatlarini qay yo‘sinda ifodalashiga qaratilishi lozim.
Tilning
fonetik vositalari ko‘rish, eshitish va talaffuz orqali zohir bo‘ladi.
Ovozning tiniqligi, yoqimliligi albatta, pedagogning kundalik va kelajak mavqeini
belgilaydi. Ovoz ham umr singari olloh tomonidan berilgan ne’matdir. Undan o‘rinsiz
va nooqilona foydalanish pedagog hayoti va faoliyatini yanada murakkablashtiradi.
Pedagogning o‘qish, og‘zaki va yozma nutq jarayonlarini puxta bilishi
kompetensiyviylikning asosini tashkil etadi. To‘g‘ri nutqni shakllantirish va
takomillashtirish til qonunlarini puxta o‘zlashtirishni taqozo etadi.
Mavjud ilmiy materiallarga asoslanib shuni aytish mumkinki, nutqning o‘ziga
xos tabiatini anglash pedagogga o‘quvchilar va atrofdagilar bilan to‘g‘ri, o‘rinli
muloqotni tashkil etishga, og‘zaki va yozma matnlarni yanada yaxshiroq uqishga
yordam beradi hamda savodxonlikni oshirishning eng muhim shartlaridan biri
hisoblanadi.
Lisoniy fonetik vositalarning asosiy vazifasi kishida yangi va yangi fikrlar va
g‘oyalarni uyg‘otishdan iboratdir. Inson hayotidagi yaxshi amallar, hurmat-e’tibor,
ro‘shnolik, baraka til tufayli amalga oshadi. Buning aksi ham til tufayli sodir bo‘ladi.
Pedagogning innovatsion faoliyatini belgilovchi asosiy omil uning tiliga, o‘z nutqiga
bo‘lgan ijobiy munosabatidir. Uning o‘z tiliga bo‘lgan e’tibori oilasidagi muhit,
jamiyatdagi o‘rnini belgilaydi.
Pedagog o‘z ehtiyojlari va tasavvurlari, taassurotlari va dunyoqarashi negizida
harakat qiladi, ya’ni u o‘z nutqining ahamiyatli bo‘lishi uchun tilning fonetik
vositalaridan unumli foydalanadi. Bu esa nutqning mazmunan pishiq, uslubiy ravon,
shaklan hissiy bo‘lishida juda ahamiyatlidir.
Muloqot jarayonida olingan, to‘plangan bilimlar pedagog xulqini, fe’l-atvorini
boshqarishga yordam beradi. Pedagog yuqori madaniyat egasi, yetuk mutaxassis,
o‘z kasbining mohir ustasi kabilarga, albatta, tili orqali erishadi.
Pedagogning o‘zi ijtimoiy jihatdan mukammal shakllangan, mustaqil
fikrlaydigan, nutq va muloqot madaniyati yuksak rivoj topgan, har tomonlama
savodxon shaxs bo‘lishi davr talabidir.
Adabiyotlar ro‘yxati:
1.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining
davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”
gi PF-5850-son Farmoni.
2.
I. Qo‘chqortoyev. Badiiy nutq stilistikasi. Т., 1975
3.
R. Qo‘ng‘urov. O‘zbek tilining tasviriy vositalari. Т., 1977
4.
Azizxo‘jayeva N.N. O‘qituvchi tayyorlashning pedagogik texnologiyasi. -Т.: ТDPU. 2000.
5.
Bekmirzayev Norqul. Nutq madaniyati va notiqlik asoslari. «Фан» 2007.
Download