O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TA’LIMI VAZIRLIGI NAVOIY VILOYAT PEDAGOG KADRLARNI QAYTA TAYYORLASH VA MALASINI OSHIRISH INSTITUTI “TIL VA ADABIYOT TA’LIMI” KAFEDRASI USLUBIY TAVSIYA (ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari uchun) Navoiy -2011 M.Suvonova – “Til va adabiyot Tuzuvchi: ta’limi” kafedra o‘qituvchisi R.Nuriddinova – Navoiy davlat Taqrizchilar: pedagogika instituti f.f.n dotsent. R.Usmonova– NVPKQTMOI katta o‘qituvchi H.Ochilov – nashr bo‘limi muharriri Muharrir: Mazkur uslubiy tavsiya umumta’lim maktablarining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari uchun qo‘llanma sifatida tavsiya etiladi. Ushbu Diktantlar to‘plamidan ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari standart nazorat ishi (SNI) va choraklik yozma nazorat ishlarida unumli foydalanishi mumkin. Ushbu uslubiy tavsiya Navoiy viloyat pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti ilmiy Kengashining 2011-yil “___”________ ___-sonli yig‘ilishida tasdiqlandi va mazkur yig‘ilish qarori bilan foydalanishga ruxsat etildi. 2 SO‘Z BOSHI Diktant-o‘quvchilarning bilimidagi bo‘shliqlarni aniqlash va kerak bo‘lganda shu bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun olinadi. Saylanma, lug‘at, nazorat kabi diktant turlari mavjud bo‘lib, quyida biz taqdim etayotgan uslubiy tavsiya nazorat diktanti turiga xos. Mazkur Diktantlar to‘plami – uslubiy tavsiya umumta’lim maktablari va kasb-hunar kollejlari hamda akademik litseylarning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari uchun qo‘llanma sifatida ishlatilishi mumkin. Tavsiya etilayotgan ushbu Diktantlar to‘plami Davlat ta’lim standartlari talablariga muvofiq ravishda darsliklar rejasiga binoan tuzilgan bo‘lib, undan ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari bosqichli, joriy, oraliq, yakuniy nazorat hamda nazorat ishi (NI) va choraklik yozma nazorat ishlarida unumli foydalanishi mumkin. Diktantning samaradorligi mavzu va uning mazmuni, maqsadning aniqligi hamda metodning izchilligiga ko‘ra belgilanadi. Davlat ta’lim standartlari asosida belgilanganidek, nazorat diktanti 5-sinflar uchun 100-110 so‘z, 6-sinflar uchun 110-120 so‘z, 7-sinflar uchun 120-150 so‘z, 8-sinflar uchun 150-170 so‘z, 9-sinflar uchun 170-200 so‘z ekanligi; lug‘at diktanti esa 5-sinflar uchun 20-25 so‘z, 6-sinflar uchun 25-30 so‘z, 7-sinflar uchun 30-35 so‘z, 8-sinflar uchun 35-40 so‘z, 9-sinflar uchun 40-45 so‘z ekanligini alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Diktant hozirgi o‘zbek adabiy tili me’yorlari talablariga javob berishi, uning mazmuni muayyan sinf o‘quvchilari uchun tushunarli bo‘lishi va bog‘lanishli matn asosida tuzilishi zarur. 3 ALLANING SEHRI O‘tgan zamonda bir oilaning qizchasi yo‘qolib qoladi. Qizcha katta bo‘lib, bo‘yi yetgan chog‘ida ota-onasi uni topishga muvaffaq bo‘ladi. Biroq qizcha ota-onasiga yotsirab qaraydi, uydan chiqib ketishni va avvalgi joyiga qaytishni istaydi. Shunda bechora ota-onasi hech bo‘lmasa, bir kecha tunab ketishini undan iltimos qilibdi. Qiz rozi bo‘libdi. Yarim kechada onasi uyqudan turib beshikda yotgan ukasini uxlatish maqsadida alla aytadi. Shu payt qizning uyqusi qochib, allaga quloq tutadi va ona mehrini tuyib, o‘zini ona bag‘riga otadi. “Siz mening chin onam ekansiz”, -deydi u onaizorini quchoqlab. Chunki, uni ham yoshligida onasi alla aytib uxlatar edi. Alla sehri orqali ular murod-maqsadlariga yetadi. (101 so‘z) TIL BILSANG – EL BILASAN Tojimuhammad aka Boltaboyevda chet tillariga bo‘lgan qiziqish juda erta uyg‘ongan edi. O‘sha kezlari ustozlari Tursunmuhammad aka Normatovning bir og‘iz gaplari u kishining hayot yo‘llarini belgilab berdi. “Qunting, tirishqoqliging yaxshi. Chet tilini o‘rganishga harakat qil. Til bilsang – el taniysan”,- degan edilar. Bu gapni qulog‘iga quyib olgan iqtidorli shogird ixlos bilan til o‘rganishga kirishdi. Chet tillar institutining fransuz tili fakultetini a’lo baholarda bitirdi. Ustozlariga bo‘lgan havas u kishini maktabga yetakladi. Toshmuhammad aka Yangiyo‘l tumanidagi 14-maktabda o‘quvchilarga fransuz tilidan ta’lim berar ekan, har safar shu maktabda o‘tgan o‘quvchilik yillarini esga oladilar. Qadrdon maktablaridagi katta o‘zgarishlardan quvonib, bugungi yoshlarga havas qiladilar. (105 so‘z) 4 DO‘STLIKNI SAQLASH QIYIN Ali bilan Vali inoq do‘st edilar. Ularga sinfdoshlari ham havas qilishardi. O‘qish kunlarining birida Ali rasm qalamlarini uyda unutib qoldiradi. Rasm darsi boshlanganida do‘sti Validan rangli qalamlaridan foydalanib turishni so‘radi. Lekin Vali do‘stining iltimosiga ro‘yxushlik bermay debdi: “Yo‘q, bermayman. Men rangi ketmasin deya, bilib qalamlarni uyida qoldirganni yomon ko‘raman”. Qalin do‘stining gapidan Alining kayfiyati tushib ketibdi. Shu-shu ikki sinfdoshning orasiga sovuqchilik tushibdi. Shu tariqa davom etayotgan kunlarning birida Ali sinfdoshlarini tug‘ilgan kuniga chaqiribdi. Hamma jamuljam bo‘lgan pallada Vali ham kirib kelib, sobiq qadrdoniga rangli qalamlar va “Ertaklar to‘plami”ni sovg‘a tariqasida tutibdi. Bundan Alining yuzlari yorishibdi, qalbidagi ranjish tumandek tarqab ketibdi. Oradagi do‘stlik rishtalari yana qaytadan mustahkam bog‘lanibdi. (115 so‘z) DO‘STGA VAFO Do‘stlikning eng muhim sharti –vafo. Do‘stiga vafodor odam Vataniga ham, xalqiga ham vafo qiladi. Aksincha, do‘stiga xiyonat qilgan inson xalqqa, millatga, Vatanga ham xiyonat qilmasligiga kafolat yo‘q. Haqiqiy do‘st o‘rtog‘ining muvaffaqiyatidan, g‘alabasidan xuddi o‘zinikidek quvonadi, muvaffaqiyatsizligidan xafa bo‘ladi, tashvish chekadi. U do‘stining xato-kamchiliklarini, noto‘g‘ri qo‘ygan qadamini yuziga aytadi. Bundan ko‘zlagan maqsadi aniq: do‘stini g‘aflat uyqusidan uyg‘otish, to‘g‘ri yo‘lga solish, uni sharmandalikdan saqlab qolishdir. Bir so‘z bilan aytganda, do‘stidan ayrilib qolmaslik! 5 “Do‘st achitib gapirar, dushman kuldirib” degan naqlga binoan do‘st achchiq haqiqatni gapiradi, lekin uning mevasi shirindir. Dushman esa, sherigining xatosini ko‘rsa ham o‘zini ko‘rmaganga, sezsa ham sezmaganga oladi. Uning maqsadi bu odamning sharmanda bo‘lishi, el-u yurt ihida obro‘si to‘kilishini ko‘rish, shundan quvonishdir. Haqiqiy do‘st topish, do‘stni yana qalinroq do‘st qiladigan ham, dushmanga aylantiradigan ham insonning o‘zidir. (126 so‘z). KAMTARGA – KAMOL, MANMANGA – ZAVOL Bizning odobimizga ko‘rk qo‘shadigan fazilatlardan biri kamtarlik hisoblanadi. Bu fazilat atrofdagilarning dilini ravshan qiladi, kamtarin insonga hurmat va ehtirom ham o‘zgacha bo‘ladi. Afsuski, oramizda bu fazilatga befarq qaraydigan, o‘zini boshqalardan ustun qo‘yish payida yuradigan bolalar ham uchrab turadi. Xolbuki, bunaqa bolalarning aksariyati o‘zida yo‘q bo‘lgan xislatlarni zo‘rma-zo‘rakilik bilan namoyish qilishga urinadilar. Deylik, haqiqiy bilimdon bola o‘zini ko‘z-ko‘z qilib chiranmaydi, boshqalarning ustidan kulmaydi. Aksincha, u do‘stlarining ham o‘ziga yetib olishini, butun sinf uning bilimidan bahramand bo‘lishini istaydi. Bunday bolalar kimnidir qoyil qoldirish, maqtoviga erishish uchun o‘qimaydilar. Ular uchun bilimli bo‘lish, kitob o‘qib, o‘zini ma’nan boyitish ichki bir ehtiyoj sanaladi. Demak, kamtarin odam atrofdagilardan o‘ziga nisbatan munosabatda ortiqcha izzat-ikrom, alohida ehtirom talab qilmaydi, izzattalab bo‘lmaydi, muvafaqqiyatlaridan kibr-u havoga berilib, maqtanchoqlik qilmaydi. Xalqimiz hamisha kamtarlikni ulug‘lab, bu xislatni asrab kelgan. (127 so‘z). 6 ELNING DUOSI Qadim o‘tgan zamonda ochko‘z va xasis bir podsho o‘tgan ekan. Uning yakka-yu yagona qizi bo‘lib, u nihoyatda go‘zal, xushmuomala va oqko‘ngil ekan. Bir kuni malika qattiq betob bo‘lib qolibdi. Podshoh malika huzuriga saroydagi barcha tabiblarni olib kelibdi. Afsuski, malikaning dardiga davo topilmabdi. Bir kuni qasr yonidan o‘tib ketayotgan bir qariya malikaning kanizaklari yig‘isini eshitib qolibdi va u soqchilardan ruxsat so‘rab saroyga kiribdi. Malika o‘lim to‘shagida yotardi. Shunda u hammasiga tushunibdi. Podshohning qilgan aybini qiziga aytibdi. Podshohning yoniga borib, qariya unga shunday debdi: “Podshohim, bir qoshiq qonimdan keching, malikaning bir oylik umri qolgan. Sizning qilgan gunohlaringiz uchun Ollohning jazosi shu. Agar malikaning davo topishini istasangiz, bir oy mobaynida xalqning duosini oling, shunda malika tuzalishi mumkin. Podshohim, elga mol-dunyongizdan tarqating va ortiqcha boj-to‘lov olmang. Shunda siz elning duosiga muyassar bo‘lasiz”, - debdi. Podshoh o‘ylay-o‘ylay qariyaning aytganini qilibdi. Ko‘p o‘tmay malika tuzala boshlabdi. Podshoh o‘sha qariyani topib kelishni buyuribdi. Lekin hech kim u qariyani ko‘rmagan va u haqda hech narsa eshitmagan ekan. Uni hech kim topa olmabdi. (130 so‘z) ODAM SAVDOSI Odam savdosi bugungi kunda umumjahon muammosiga aylanib bormoqda. BMTning ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda har yili taxminan 2 million 700 ming nafar shaxs odam savdosi qurboniga aylanmoqda. 600 7 mingdan 800 ming nafargacha ayol va bolalar aldov yo‘li bilan sotilgan. 2008-yil 17- aprelda “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni, bundan tashqari, Respublikamiz Prezidentining 2008-yilning 8-iyulida “Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori talablaridan kelib chiqib, Respublikamiz bo‘ylab ko‘plab uchrashuv va seminarlar o‘tkazilmoqda. Joylarda o‘tkazilayotgan seminarlarda ba’zi yo‘lidan adashgan yoshlarning ish izlab, chet ellarga noqonuniy yo‘llar bilan ketayotgani, natijada ularning aldanishi tufayli salbiy oqibatlar yuzaga kelayotganligi to‘g‘risida qizg‘in muloqotlar olib borilayapti. Tadbirlarda ishtirok etgan adliya boshqarmasi xodimlari va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hayotiy misollar asosida yig‘ilganlarni bu muammo girdobiga tushib, aldanib qolmaslikka chaqirmoqda va yoshlarni sergaklikka chorlamoqda. (131 so‘z) MEHNAT, KASB-HUNAR MADANIYATI Agar atrofdagi olamga diqqat bilan nazar solsangiz, o‘zingiz, kelgusi hayotingiz uchun ibrat bo‘ladigan ko‘p narsalarga guvoh bo‘lasiz. Oyog‘ingiz ostiga qarang:yuzlab, minglab chumolilar tinim bilmay mehnat qilayotganini, uyasiga zarur narsalarni tashiyotganini ko‘rasiz. Biri qiynalsa ikkinchisi, uchinchisi yordamga kelyapti, birortasi chetga chiqib, “qo‘l qovushtirib” turgani yo‘q. Ular uchun yer ostidagi mana shu kichkinagina joy vatan hisobiga o‘tadi. Shu yerda tinch, osoyishta, xotirjam yashamoq niyati ularni oyoqqa turg‘izgan, mittigina yuraklariga shijoat, qildek oyoq-qo‘llariga g‘ayrat baxsh etgan. Oilaning moddiy va ma’naviy ahvoli mehnat tufayli yuksaladi. Oila a’zolarining mavqeyi, mahalla-ko‘ydagi obro‘si, ularga nisbatan o‘zgalar 8 munosabati ham qilingan mehnatning natijalari asosida quriladi. Bir kun kelib inson olamdan o‘tgach, uning mehnati, foydali ishlari yaxshi so‘zlar bilan esga olinadi. Ota-onaning oilada farzandlariga o‘rgatgan mehnat saboqlari, kasb-kori avlodlari uchun bebaho boylik bo‘lib qoladi. Inson shunchaki qora mehnat kishisiga aylanib qolmasligi uchun yoshligidan kasb-hunar o‘rganishga qunt qilmog‘i lozim. (136 so‘z). BIRINI KESSANG, O‘NNI EK Alisher Navoiy Astrobod viloyatida hokimlik qilgan kezlarida shahar tashqarisidagi baland bir tepalikda osmon bilan o‘pishgan keksa bir terak bor ekan. A.Navoiy kechqurunlari o‘ziga yaqin mulozimlari bilan shu terak tagiga kelarkan. Ulug‘ shoir terakning mayin shabadada shivirlab kuylashini tinglashni xush ko‘rarkan. Terak go‘yo mungli qo‘shiqni kuyga solgan sozandadek, bir maromda tebranib shivirlar ekan. Bahor kunlarining birida, Alisher Navoiy har galgidek, o‘z mulozimlari bilan birga g‘azalxon terakni qumsab, shahar tashqarisiga chiqibdi. Borib ko‘rsaki, g‘azalxon terakni kimdir “o‘ldirib” ketibdi. Alisher Navoiy xo‘rsinib “qotil” ni tezda topib kelishni buyuribdi. Mulozimlar tezda aft- angori sovuq, barzangiday bir kishini ot oldiga solib, haydab kelibdilar. Alisher Navoiy qattiq g‘azablanibdi: “Ey qotil, qilding, yo bu bilan mendan o‘ch nega shunday azim terakni nobud olmoqchi bo‘ldingmi?”- debdi. Keyin mulozimlariga: “Bu yaramasni qirq darra uringlar”, - deb buyuribdi-da, har darra urganda “birga o‘n” degan hikmatni takrorlab turishni ham tayinlabdi. (137 so‘z) 9 URF-ODATLAR VA MAROSIMLAR O‘zbek xalqining paydo bo‘lish tarixi necha ming yilliklarga borib taqalsa, uning an’analari, urf-odatlari, marosimlari ham shunchalik teran tarixiy ildizga ega. Ular millatning ma’naviy-ruhiy ehtiyojlari zamirida paydo bo‘lib, shakllanib, sayqallanib o‘z mazmunida shu xalqning orzuo‘ylari, istaklari, axloq normalarini mujassam etadi. Bugungi avlod ularni ko‘z qorachig‘idek avaylab-asrab, yanada taraqqiy ettirmog‘i, kelgusi nasllarga ma’naviy qadriyat sifatida yetkazmog‘i ham qarz, ham farzdir. Darhaqiqat, an’analar, urf-odatlar, marosim va bayramlar xalqimiz, millat ma’naviyatining ajralmas qismi. Xalqimiz o‘zining xursandchiligi va shukronasini turli rasm-rusumlar, udumlar orqali namoyon qiladi. O‘zbeklar qadimdan to‘ylarga boy xalq. Beshik to‘yi, sunnat to‘yi, nikoh to‘yi, askar to‘yi, uy to‘yi, muchal to‘yi, ellik va undan ortiq yoshlarni nishonlash to‘ylari mavjud. Har bir tantana to‘ygacha, to‘y davomida va marosimdan so‘ng o‘tkaziladigan rasm-rusumlarga ham boydir. Har bir urf-odat va marosim o‘zining maqsadi va mohiyatiga ko‘ra muayyan shakl va mazmunga ega. Bularning bari millat ma’naviyati va obro‘sini belgilab beradi. (141 so‘z) O‘ZBEKISTON – YAGONA VATAN Vatan deganda biz faqat yurtimiz tuprog‘ini emas, balki uning zaminida bo‘y ko‘rsatgan giyohdan tortib daryo-yu soylari va tog‘-u toshlarigacha, kamtar, mehnatkash, fidoyi, mard odamlaridan to eng mitti jonivorlarigacha o‘zimiz tug‘ilib, unib-o‘sgan makon bilan bog‘liq narsalarning barchasini tushunamiz. Vatan tuprog‘idagi oddiy xas ham, 10 chag‘ir tosh ham bizga muqaddas bo‘lib tuyuladi. Shuning uchun ajdodlarimiz yurt tuprog‘ini ko‘zlariga to‘tiyo etgan, qayga borsa ham Vatan yodi bilan nafas olgan, uni yot narsalardan, shum niyatlardan himoya qilgan. Har bir insonning vatani uning uchun dunyodagi eng go‘zal va muqaddas makon hisoblanadi. Shuning uhcun shoirlarimiz ona yurtimizO‘zbekistonimizni olamda tengi yo‘q yagona diyor sifatida kuylaydi. Vatan ozod va mustaqil bo‘lsa, uning bag‘ri jannat bog‘laridek fayzli, odamlari baxtli bo‘ladi. Shuning uchun Vatanning ozodligi va mustaqilligi uning har bir farzandi uchun jon kabi aziz va muqaddasdir. Inson uchun ona yagona bo‘lgani kabi, Vatan ham yagonadir. Shu bois vatanparvarlik oliy fazilat sanaladi, Vatanga xoinlik esa hech qachon kechirilmaydi. (147 so‘z). MEHMON KUTISH MADANIYATI Odamlar orasidagi o‘zaro mehr-muruvvatning ibratli jihatlaridan biri mehmonnavozlikdir. O‘zbek xalqi asrlar davomida o‘zining mehmondo‘stlik udumlarini asrab kelmoqda. Zero, kimningdir uyiga mehmon kelishi–yaxshilik belgisi, mehr-oqibat, o‘zaro iliqlik, insoniylik ramzi. Mehmon bilan birga uyga rizq-ro‘z, hamdardlik, osoyishtalik kirib keladi, ko‘ngilsiyohliklar, gina-kudurat unutiladi, qarindoshlar o‘rtasida totuvlik mustahkamlanadi. Mehmon kutish kishilarda saxiylik, xushmuomalalik sifatlarini tarbiyalaydi, xasislik, xudbinlik, manmanlik illatlarini bartaraf etadi. Mehmon kirgan uyga yangi kayfiyat, yangicha ruh, do‘stlik kirib keladi. Xalqimiz “Mehmon kelsa eshikdan, rizqi kelar teshikdan” der ekan, odamlarni bag‘rikeng bo‘lishga, bu dunyoga hamma o‘zining rizqi bilan 11 kelganiga ishora qiladi. Mehmonning shu fazilati uchun ham kelgan kishining ostiga yangi ko‘rpachalar yoziladi, ohorli idish-tovoqlarda taom tortiladi. Qo‘ni-qo‘shni ham chaqirilib, dilbar suhbatlar quriladi. Albatta, har bir xalqning mehmon kutish udumlari turlichadir. Lekin bizning xalqimiz qaysi millat bo‘lishidan qat’iy nazar, eshikdan kelgan odamning hurmatini joyiga qo‘yib kutib oladi, lazzatli taomlar bilan siylaydi. Mehmondo‘st o‘zbek xalqi azaldan uyiga kelgan kishini ochiq yuz bilan kutib olishga odatlangan. (150 so‘z). VATANPARVARLIK Har bir inson o‘z tug‘ilgan yurtiga bo‘lgan muhabbati va sadoqatini turli shakllarda ifoda etadi. Kimdir sidqidildan mehnat qilib, vatanning moddiy boyliklarini oshiradi, uning iqtisodiy qudratini mustahkamlashga hissa qo‘shadi. Yana birov, betakror iste’dodi va kuch-g‘ayratini ona diyor ravnaqi, uning obro‘-e’tiborini yuksaltirish yo‘lida safarbar etadi. Yana kimdir, Vatan sarhadlarida tun-u kun sergak turib, uning har qarich yerini ko‘z qorachig‘idek asraydi. Bularning barchasi insonga xos bo‘lmish vatanparvarlik deb ataladigan noyob va muqaddas tuyg‘uning amalda namoyon bo‘lishidir. Qachonki odam o‘z ona yurtining dard-u tashvishi, shodlig-u quvonchi bilan hamisha hamnafas yashasa, hatto Vatan uchun jonini ham fido qila olsa, vatanparvarlik shunchaki tuyg‘uga emas, yuksak insoniy fazilatga aylanadi. Vatanni haqiqiy vatanparvar farzandlar dunyoga tanitadi. Vatan tuprog‘i haqiqiy vatanparvar insonlar tufayli aziz va muqaddas bo‘ladi. Vatanparvarlik Vatan tuyg‘usini anglashdan boshlanadi. 12 Vatanparvarlik tuyg‘usini tarbiyalashda ko‘p o‘qish, qishloq va mahalla hayotida faol ishtirok etish, ma’raka-yig‘inlarda qatnashish, odamlar bilan muloqot qilish, ularni o‘rganish ham katta ahamiyat kasb etadi. Chunki, inson shular orqali o‘z yurtini yanada yaxshiroq bilib oladi, unga bo‘lgan muhabbati ham ortadi. (164 so‘z). MAHALLA-TARBIYA MASKANI Biz uchun oilamiz ko‘z ochib ko‘rgan dargoh bo‘lsa, mahallamiz muqaddas Vatanimiz ichidagi mo‘jaz vatandir. Zotan, mahalla oilalardan tashkil topadi. Farzandlar oila bag‘rida kamol topgani kabi oila ham mahalla ko‘z oldida barpo bo‘ladi, uning ichida ravnaq topadi. Mahalla oilaning eng yaqin maslahatchisi, ishonchli tayanchidir. Xursandchilik kunlari ham, boshga ish tushgan onlarda ham birbiriga hamdard va hamnafas bo‘lish mahalladoshlarning qadimdan kelayotgan o‘lmas xususiyati. Zero, o‘zbek mahallasi shunday bir dargohki, unda insonlar bir-biri bilan opa-singil, aka-uka, quda-anda, do‘st-birodar bo‘lib ketadi. Odamlar o‘zaro quvonch va g‘amlarga sherik, farzand tarbiyasida mas’ul, yutuqlar ham kamchliklar ham mahalla ahliga baravar bo‘lib tushadi. Zero, xalqimiz “Otang-mahalla, onang-mahalla” degan naqlni bilib aytgan. Darhaqiqat, mahalla o‘zbeklarning tarixan shakllangan, yagona maqsad bilan yashab, faoliyat ko‘rsatuvchi, xalqning turmush tarzi, ruhiyati, ijtimoiy hayotining o‘ziga xos xususiyatlarini aks ettiruvchi ijtimoiy institutdir. Mahalla milliy an’analarimiz, urf-odatlarimiz, axloqiyma’naviy qadriyatlarimizni avloddan avlodga sog‘-omon yetkazuvchi muqaddas maskan bo‘lib kelyapti. 13 Insonlarning millati, dini, irqi, tili, ijtimoiy kelib chiqishdan qat’iy nazar, ularni ezgulik yo‘lida jipslashtiruvchi katta oila hisoblangan o‘zbek mahallasi barchaning bir-biriga o‘zaro hurmati, muhabbati, mustahkam do‘stligi asosida yashaydi, faoliyat ko‘rsatadi. (173 so‘z). MILLIY QADRIYATLARIMIZ Milliy qadriyatlar millat va xalqning o‘zi bilan birga asrlar, ming yilliklar mobaynida shakllanib, takomillashib boradi. Shuning uchun ularda xalqning orzu- intilishlari, ruhiyati va tafakkuri, hayot falsafasi, turmush tarzi to‘liq mujassam bo‘ladi. Masalan, Navro‘z bayramini olaylik. Navro‘z bayrami xalqimiz o‘troq hayotni boshlagan qadim davrlardan buyon yashab kelmoqda. Chunki, bu bayram, avvalo yerga, suvga, quyoshga, tabiatga, butun mavjudotga mehr uyg‘otadi, olam bilan uyg‘unlikda yashashga da’vat etadi, dunyoning go‘zalligidan bahramand bo‘lishga chaqiradi. Biz bugungi kunda ham bu bayramda sumalak qaynatish, uloq chopish, kurash tushish, yer haydash, urug‘ sochish, xonadonimiz, mahallamizni tozalash, tabiat bag‘riga sayr qilish kabi marosimlarini ado etar ekanmiz, qalbimizda olis ajdodlarimizdan meros bo‘lgan qadimiy tuyg‘ular uyg‘onadi: ona tabiatga yanada yaqinroq bo‘lishga, uni sevib ardoqlashga, eng muhimi, ota-onalarimiz, yaqinlarimizga, shu tariqa barcha insonlarga mehr-oqibatli bo‘lishga harakat qilamiz. Xalq taqdirida shunday qadriyatlar bo‘ladiki, ular millatning o‘zi bilan birga shakllanadi va uning asosiy belgilaridan biriga aylanadi. Til– har bir millatning ana shunday bebaho qadriyatidir. O‘zbek tili ham millatimiz bilan ming yillar davomida birgalikda shakllanib borgan. 14 Xalqimizning boshiga tarixda qanday og‘ir sinovlar tushgan bo‘lsa, tilimiz ham bundan mustasno emas. (174 so‘z). TIL QUDRATI Qadim-qadimlarda oqil va odil bir odamning suluv qizi bo‘lgan ekan. Shu qizga ikki farishtaning ishqi tushibdi. Qiz ulardan qaysi biriga turmushga chiqishni bilmay qolibdi. Oxiri qiz ularga shunday debdi: “Men yurt farzandi bo‘ladigan o‘g‘ilga ona bo‘lishni istayman. Uni qanday tarbiyalashga qodirliklaringni bilishim kerak. Ana shunga qarab sizlarga qarorimni aytaman”. Shunda birinchi farishta: “Bu ish faqat mening qo‘limdan keladi. Men unga ilm o‘rgatadigan riyoziyotdan, falakiyotdan, saboq beraman. Siyosat bilan shug‘ullanadi. Ajnabiy tillarni egallaydi. Olamga dong taratadi”, - debdi. Navbat ikkinchi farishtaga kelibdi. U bo‘lsa: “Avloddan meros qoladigan asosiy boylik–til. Ona tili bor ekan, Vatan bor. Men o‘g‘limni tilga xiyonat qilmaslikka o‘rgataman. Qo‘shiq, ertak, dostonlar aytib beraman. Mana shu ona tilimiz uchun jonini ham ayamaslikka o‘rgataman”. Bu gaplardan birinchi olim-farishta qahqaha urib kulibdi. Raqibini aqlsizlikda ayblabdi. O‘rtadagi tortishuv janjalga aylanibdi. - Janjallashmanglar, yurtda ulug‘ donishmand bor. O‘shaning huzuriga boramiz. Hammasi o‘sha yerda hal qilinadi. Uning hukmi men uchun qonun bo‘ladi,- debdi qiz. Shundan so‘ng hammalari donishmand huzuriga borishibdi. U nizo qo‘zg‘agan barcha gap-so‘zlarni tinglabdi. Oxiri ikkinchi farishtaga qarab: 15 “Qiz sevadimi, yo‘qmi, bilmayman. Lekin otalik sharafiga sen loyiqsan…”, -debdi. (174 so‘z). HUNARLI KISHI XOR BO‘LMAS Bir podshohning yolg‘iz arzanda o‘g‘li bor ekan. Vaziri podshohga o‘g‘li yaxshi inson bo‘lishi uchun unga hunar o‘rgatish lozimligini aytibdi. Podshoh mamlakatdagi eng yaxshi hunarmandlarni saroyga taklif etibdi. Ular yosh shahzodaga gilam to‘qishni, kulolchilikni, novvoylikni, oshpazlikni va boshqa ko‘p hunarlarni o‘rgatishibdi. U hunarli bo‘lib voyaga yetibdi. Shahzoda ov qilishga ham qiziqar ekan. Bir kuni u ov qilib yurib, kiyik ketidan quvibdi va o‘rmonda adashib qolibdi. O‘rmon yaqinida qaroqchilar yashar ekan. Ular shahzodani tutib olib, o‘z maskanlariga qamab qo‘yishibdi. Podshoh, o‘g‘li ovdan qaytmagach, rosa tashvishlanibdi va vaziridan so‘rabdi. Vazir esa: “Olampanoh, biroz vaqt o‘tsin, so‘ng bozorga odamlarni yuboring, o‘g‘lingiz haqida biror xabar bo‘lib qolar”, - debdi. Podshoh navkarlari bozorni aylanib yurishsa, katta gilam sotilayotgan ekan. Ular podshohga bu haqda darrov xabar berishibdi. Gilam juda qimmatbaho va go‘zal ekan. Podshoh ularga gilamni sotib olib kelishni aytibdi. Gilamga diqqat bilan qarashsa, uni shahzoda to‘qigan ekan. Unda shahzodani qanday topish mumkinligi yozilgan ekan. Navkarlar shahzodani tezda topib keltirishibdi. Podshoh vaziriga rahmat aytibdi. Chunki o‘g‘li xavf-xatardan hunari bor bo‘lgani uchun qutulgan edi. Shunga aytadilar-da: “Yigit kishiga yetmish hunar oz”, – deb. (176 so‘z) 16 AJDODLARIMIZDAN IBRAT OLAMIZ Ulug‘ shoir A.Navoiyning Pahlavon Muhammad degan shogirdi, ham do‘sti bor ekan Shoir uni juda yaxshi ko‘rar, shogirdi bo‘lsa ham, qadrdon, sirdosh do‘st deb bilar ekan. Kunlardan bir kuni Pahlavon Muhammad kichik bir gunoh qilib qo‘yib, shu tufayli Sulton Husaynning qattiq g‘azabiga uchrabdi. Voqea bunday bo‘libdi: Sulton Husayn g‘azab otiga minib turgan bir paytda Pahlavon Muhammadning gunoh ish qilib qo‘yganini yetkazishibdi. Husayn Boyqaro: “Pahlavonning soqol-mo‘ylovini qirib tashlanglar, so‘ng kaltadum libos kiydirib, ko‘chama-ko‘cha sazoyi qilinglar”,-deb buyruq beribdi. Pahlavonning bunday jazoga giriftor bo‘lganini Navoiyga aytishibdi. Navoiy agar bu jazo amalga oshirilsa, Pahlavon Muhammadning izzat-nafsi kamsitilib, u bunga chiday olmasligini anglab, uni bu sharmandalikdan qutqarish harakatiga tushibdi. Tezlikda Husayn Boyqaro huzuriga yetib borib: “Sultonim ma’lumingizkim, men va Pahlavon Muhammad yoshligimizdan bir xil kiyinamiz, birga soqol-mo‘ylov qo‘yib, do‘st-birodar bo‘lib yuramiz. U boshqa kiyinib, men boshqa kiyib yursam, o‘rtadagi ahd buzilib, gapimiz tuzsiz, o‘zimiz subutsiz bo‘lib mo‘ylovlarimni qolamiz. Buyursangiz mening soqol- qirsinlar, menga ham xuddi Pahlavon Muhammadga berilgandek kalta libos kiygizib, do‘stim bilan birga sazoyi qilsinlar”, debdi. Navoiyning shogirdi hamda do‘stiga bo‘lgan sadoqatini, mehroqibatini ko‘rgan Husayn Boyqaro g‘azabidan tushib qolganini o‘zi ham bilmay qolibdi-da: -Pahlavonning gunohidan o‘tdim, jazo qoldirilsin, -deb farmon beribdi. (197 so‘z) 17 BIZ – O‘ZBEKISTON FUQAROSIMIZ Qadimda fuqaro so‘zi o‘rnida tabaa, raiyat kabi so‘zlar ham ishlatilgan. Ota- bobolarimiz o‘zlari haqida gap ketganda, kamtarlik bilan “faqir-u haqir”, “faqiringizni afv etgaysiz”, “faqirlikda, bilmay qolibmiz” kabi iboralarni ishlatganlar. Bu iboralarda o‘zini boshqalar oldida burchdor deb bilish ma’nosi ham bor. Shuning uchun fuqaro so‘zi bugungi kunda ko‘proq kishining inson sifatidagi huquqi va burchini, davlat va jamiyat oldidagi mas’uliyatini his etishi ma’nosida ham ishlatiladi. Biz O‘zbekiston davlatiga mansubmiz, ya’ni yurt fuqarosimiz va buni e’tirof etar ekanmiz, har safar qalbimiz quvonchga to‘ladi. Chunki, O‘zbekiston dunyoda qiyosi yo‘q go‘zal va betakror mamlakatdir. Bunday Vatanda tug‘ilish, uning zilol suvlaridan ichib, tabarruk ne’matlaridan bahramand bo‘lib voyaga yetish, jahonga dong taratgan buyuk insonlarga munosib vorislik hammaga ham nasib qilavermaydigan ulkan baxt, tengsiz saodatdir. O‘zbekiston fuqaroliginnig huquqiy asoslari malakatimiz Konstitutsiyasi, Fuqarolik kodeksi va boshqa qonun hujjatlarida belgilab berilgan. O‘zbekiston fuqarosi bo‘lish bizga faqat g‘urur va iftixor baxsh etibgina qolmay, zimmamizga yuksak mas’uliyat ham yuklaydi. Chunki, mamlakatimizning bugungi taraqqiyoti, kelajak taqdiri, uning dunyodagi o‘rni va nufuzini mustahkamlab borish bizning–O‘zbekiston fuqarolarining muqaddas burchidir. Fuqarolik hissi vatanparvarlik fazilatining shakllanishida g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zining fuqarolik burchini chuqur his qilgan odam mamlakat qonunlarini hurmat etib, ularga qat’iy amal qiladi, qonunlarning har bandida xalqning irodasini ko‘radi. Biz, O‘zbekiston fuqarosi sifatida, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan katta o‘zgarishlarda o‘zimizning ham hissamiz borligini (213 so‘z). doimo his qilib turishimiz lozim. 18 YAXSHIDAN BOG‘ QOLADI Ko‘klam kunlarining birida Sulton Husayn saroyda yolg‘iz o‘tiraverib zerikib ketibdi-da, ancha vaqtdan beri Mir Alisherdan darak bo‘lmadi, borib holidan xabar olib kelay, deb do‘sti yashaydigan mahallaga yo‘l olibdi. Borib qarasa, Mir Alisher yeng shimarib, bog‘ida ishlayotgam emish. Buni ko‘rgan Sulton Husayn otidan tushib, do‘sti bilan so‘rashgach: - Hormang, do‘stim! Nega shoirlar majlisida ko‘rinmay qoldingiz desam, bog‘bonlikni pesha qilibsiz-da! – debdi. Mir Alisher ham belbog‘i bilan peshonasidagi terini artar ekan: - Ko‘klam kelsa, ko‘chat ek, degan ekan mashoyixlar. Shu bog‘dagi qurigan olmalarni qo‘parib tashlab, o‘rniga 3-4 tup yong‘oq ekyapman,deb javob beribdi. - Ey do‘stim-ey, qarigan chog‘ingizda bog‘ qilishning sizga nima keragi bor, axir. Siz bilan men yoshimizni yashab, oshimizni oshab bo‘lgan bo‘lsak, bu yong‘oqlaringiz qachon hosilga kiradi-yu, siz qachon mevasidan yeysiz?! Umringizning oxirida mana shu bog‘dagi mevalarning boriga qanoat qilib, soya-salqinda tinchgina g‘azal bitib o‘tiravermaysizmi!? - Do‘stim, yaxshidan bog‘ qoladi, -degan naqlni eshitganmisiz? Men bu ko‘chatlarni o‘zim uchun emas, mana shu mahallamiz ko‘chalarini changitib yurgan bolalar, balkim ularning bolalari uchun ekyapman. Bir kun kelib, balkim ularning har biri azim daraxt bo‘lib hosil bera boshlasa, odamlar uning mevasidan tatib ko‘rishganda: “Bu bog‘ Alisherdan qolgan!” deyishsa, shuning o‘zi lazzatliroqdur, - deb javob beribdi. 19 menga har qanday ne’matdan Bu gaplarni eshitgan Sulton Husayn Mir Alisherning saxovatiga qoyil qolib, unga bir hamyon to‘la tilla chiqarib beribdi. Mir Alisher tillaga qarab turib: - Ana, ko‘rdingizmi, do‘stim, ekayotgan ko‘chatlarim hozirdanoq hosil bera boshladi, - deya kulib qo‘yibdi. Sulton Husayn Mir Alisherning hozirjavobligiga yana bir bor qoyil qolgan ekan. (238 so‘z). DO‘STLAR SADOQATI Bir qishloqda ikki oshna yashar ekanlar. Birining oti Husan, ikkinchisining oti Muhammad ekan. Kunlardan bir kuni Husan kasal bo‘lib, o‘rnidan tura olmaydigan bo‘lib qolibdi. Yosh yigitning umri tugayotganiga hatto o‘limining ham ichi achishibdi va bunday debdi: “Men ota-onangdan senga umr so‘rayman, yashashing kerak”. O‘lim yigitning otasini yoniga boribdi va unga murojaat etibdi: “ Ey ota, sevimli bolangni chindan ham yaxshi ko‘rsang, umringni ozginasini unga qarz bergin”. Ota nima deyishni bilmay, biroz vaqt lol qolibdi. O‘lim esa: “O‘g‘lingni yaxshi ko‘rmaysanmi?”- deb so‘rabdi undan. Ota o‘g‘lini juda yaxshi ko‘rishini, kerak bo‘lsa jonini undan ayamasligini aytadi. O‘lim umrining yarmini emas, ozginasini bo‘lsa ham bersa, uni o‘zi bilan olib ketmasligini aytadi. O‘lim Husandan yana yaqin kishilardan kimlar borligini so‘raydi. “Muhammad degan do‘stim bor”,-deb javob beribdi Husan. O‘lim Muhammadning yoniga borib, bor gapni aytib beribdi. Do‘stiga achingan Muhammad sira ikkilanmasdan: “Umrimning ozginasini emas, do‘stim uchun barini olaqol”, - debdi. 20 Bu taklif o‘limning ham ko‘nglini yumshatmabdi. Qanday bo‘lmasin Husanni saqlab qolishga qaror qilibdi. Shu tufayli o‘lim hayotning oldiga boribdi. -Hayot, sen bilan biz ashaddiy yovuzmiz, lekin bir yigitning umri tufayli sening oldingga keldim, o‘sha yigitga Muhammad degan do‘sti butun umrini berishga va’da qildi. Marhamat qilgin, ularga ko‘proq umr bergin. Men ham shunga roziman, - debdi O‘lim. Bu taklifga hayot ham rozi bo‘libdi. Muhammadning do‘stiga sadoqati tufayli Husanga qo‘shimcha hayot baxsh etibdi. Shunday qilib, ikki do‘stning bir-biriga bo‘lgan sadoqati va inoqligi o‘limni ham chekintiribdi. (239 so‘z) MUSTAQILLIK BAYROG‘I Ma’lumki, turkiy xalqlar yashab o‘tgan hududlarga Islom dini kirib kelgach, bu yerda yashovchi xalqlarning bayroqlari ham ma’lum o‘zgarishlarga yuz tutgan. Yangi chiqqan oy va yulduzlar islom dinining ramzidir. Yashil rang ham islom dinining ranglaridan biri hisoblanadi. Shu ramzlarning u yoki bunisi islom dinini qabul qilgan o‘lkalar yoki mamlakatlar bayrog‘ida hozirgi kunda ham mavjud. Agar dunyo mamlakatlari bayroqlari ko‘zdan kechirilsa, garchi bayroqlar qaysi qo‘yilmagan bo‘lsa ham, qaysi davlatga tegishli ekanligini yozib davlatda islom diniga e’tiqod qo‘ygan xalqlar yashayotganini o‘sha ramzlardan bilish mumkin. Xayriyatki, Qizil imperiya yemirilib, 1991-yil sentabrda boshqa jumhuriyatlar qatorida O‘zbekiston ham o‘zining milliy mustaqilligini e’lon qildi. Har yili 1-sentabr bayram qilinadigan bo‘ldi. Shuning uchun ham O‘zbekistonning yangi bayrog‘i tanlandi. Nega aynan o‘sha 21 namuna tanlanganini va undagi ranglar hamda tasvirlar qanday ramzlar ekanligini hamma ham bilavermasa kerak. Bayroqdagi moviy ko‘k rang osmon va tiniq suv ya’ni, ko‘kdagi hayot manbalari ramzidir. Oq rang tinchlik va poklikni bildiradi. Yashil rang yashab turgan hayot va hosildorlikni ifodalaydi. Qizil chiziqlar har bir tirik jonzod tanasida mavjlanib turgan tiriklik manbai – qon ramzi hamda yer-u osmonni bir-biriga bog‘lab turuvchi tiriklik rishtasidir. Yangi oy ko‘p yillik an’analarimizga mos bo‘lishi bilan birga yangi paydo bo‘lgan mustaqillik nishonasi hamdir. Yulduzlar hamma xalqlarda tiniq osmon belgisi ya’ni saodat ramzidir. Ularning 12 ta ekanligi osmondagi 12 ta yulduzlar burji bilan bog‘liq. Shunday qilib, bir yarim asrlik istibdoddan keyin xalqimiz yana o‘z bayrog‘iga ega bo‘ldi. Bu bayroqda dunyoda mustaqillikka erishgan eng yosh davlatlardan biri bo‘lmish jonajon Vatanimiz – O‘zbekiston xalqining orzu-intilishlari, e’tiqodi, tarixiy ildizlari o‘zining teran ifodasini topgan. (250 so‘z) NIMA EKSANG, SHUNI O‘RASAN Bir yigit ko‘zlari xiralashgan, ovqat yeganda qo‘llari qaltiraydigan qari otasining izzat-hurmatini bajo keltirmasdi. Bir kuni chol bechora qo‘li titrab, osh suzib berilgan kosani tushirib sindirdi. Buni ko‘rgan kelini nordon so‘zlar aytib, uning ko‘nglini vayron qildi. Shundan keyin otasini hovlining bir chekkasidagi zax uyga ko‘chirdi. Kelin esa, eri keltirib bergan yog‘och kosada qaynotasiga ovqat bera boshladi. O‘g‘li va kelinining bu yaramas muomalalaridan ko‘ngli 22 ozor topgan ota vafot etgan kampirini eslab, ba’zan o‘ksib-o‘ksib yig‘lardi. Besh-olti yoshli nevarasi bilangina tasalli topar edi. Bola bobosining yoniga kelib o‘tirardi, ma’suma so‘zlari, yoqimli qiliqlari bilan bobosini kuldirib, uning qayg‘u-alamlarini yengillashtirardi. Bola bir kuni qo‘liga pichoq olib, bir yog‘ochni yo‘nib o‘tirardi. Shu payt dadasi kelib qoldi. O‘g‘lining yog‘och yo‘nib o‘tirganini ko‘rib: - O‘g‘lim, nima qilyapsan? -deb so‘radi. O‘g‘li yugurib kelib dadasini quchoqladi va erkalanib: - Dadajon, siz buvamga yog‘och kosa keltirib bergan edingiz-ku, oyim o‘sha kosada buvamga ovqat beradilar, men ham yog‘och kosa yasayapman, katta bo‘lganimda oyim bilan sizga shu kosada ovqat beraman, – dedi. O‘g‘lining bu so‘zi yigitga qattiq ta’sir qildi. U ko‘z yoshi qilib otasining huzuriga kirdi, tiz cho‘kib uzr so‘radi, quchoqlab o‘pib, uning ko‘nglini ko‘tardi. Darrov uni o‘zi turgan uy yonidagi issiq xonaga ko‘chirdi. Har doim otasining holidan xabar olib turdi, u bilan birga ovqatlandi. Kelin ham qaynotasining izzat-hurmatini o‘rniga qo‘ya boshladi. O‘g‘li bilan kelinining bu ishlaridan xursand bo‘lgan ota: - Bolalarim, mana endi ko‘nglim qayg‘u-alamlardan ozod bo‘ldi, sizlardan roziman, shu kichkina qo‘zichog‘im sizlarni g‘aflat uyqusidan uyg‘otdi, - deb nevarasini tizzasiga o‘tqazdi va yuz-ko‘zlaridan o‘pib, duo qildi. (250 so‘z). 23 AQLLI VA TADBIRSIZ ODAM Aqlli odamlar hamisha hushyor bo‘ladilar, hodisalar jilovini o‘z qo‘llarida saqlab, xavfli girdobga tushmasdan sohilga yetib oladilar. Tadbirsiz odamlarga kelsak, ular ikkilanadigan, jasoratsiz, tez-tez fikrlaridan qaytadigan bo‘ladilar, biror hodisa ro‘y berganida ular o‘zlarini yo‘qotib qo‘yadilar. O‘z baxtlarini saqlab qolish qobiliyatidan mahrum bo‘lganliklaridan oh-voh qilib, o‘zlarini har yoqqa uradilar. Uch baliq hikoyasidagi kun ularning boshiga keladi. Naql qilibdurlarki, yo‘ldan uzoq, o‘tkinchilardan xoli bir yerda ko‘l bor edi, unda uchta baliq yashar edi. Bulardan ikkisi tadbirkor va ehtiyotkor, biri esa xom va tajribasiz edi. Kunlardan birida tasodifan ikki ovchi ko‘l yonidan o‘tib qoldi, ko‘zlari uchta baliqqa tushdi. Ular ertaga kelib, uchchala baliqni tutishga va’dalashib jo‘nab ketdilar. Baliqlar ularning so‘zini eshitgan edilar. Ularning biri tadbirli bo‘lib, zolim zamonaning zulmi va g‘addor falakning vafosizligini ko‘rgan, suv kelar tarafdan chiqib, boshqa ko‘lga borib oldi. Ko‘p o‘tmay baliqchilar kelib, suvning kirar va chiqar tomonini mahkam berkitdilar. Birinchi baliqqa nisbatan tajribasizroq, lekin aql va farosatdan mahrum bo‘lmagan ikkinchi baliq vaziyatni ko‘rib shunday dedi: - Fursatni qo‘ldan berdim. Endi tadbir va hiylani ishga solish payti keldi. Tipirchilab u yoq-bu yoqqa qochgan bilan foyda yo‘q. Umidsizlikka tushmay, najot yo‘lini axtarmoq kerak. Shunday deb baliq suv yuziga qalqib chiqdi va o‘zini o‘lganga solib yotdi. Bir baliqchi uni olib, o‘lgan gumon qildi va suv chiqib ketadigan ariq bo‘yiga tashladi. Baliq sudrala-sudrala oqar suvga tushib oldi, hiyla ishlatib, o‘z jonini qutqardi. 24 Xom va tadbirsiz baliq esa o‘zini yo‘qotib, u yoqdan bu yoqqa qochib yurar, goho suv ostiga sho‘ng‘ir, goho yuzaga chiqar edi. U oxir oqibat baliqchilar to‘riga ilindi. (253 so‘z). BUYUK AJDODLARIMIZNING SO‘NMAS DAHOSIGA HURMAT-EHTIROM O‘zbek xalqi ma’naviy dunyosining shakllanishiga g‘oyat kuchli va samarali ta’sir ko‘rsatgan ulug‘ zotlardan biri –Alisher Navoiy bobomiz. Biz uning mo‘tabar nomi, ijodiy merosining boqiyligi, badiiy dahosi zamon va makon chegaralarini bilmasligi haqida doimo faxrlanib so‘z yuritamiz. Alisher Navoiy xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida butun bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs, milliy adabiyotimizning tengsiz namoyondasi, millatimizning g‘ururi, shon-u sharafini dunyoga tarannum qilgan o‘lmas so‘z san’atkoridir. Ta’bir joiz bo‘lsa, olamda turkiy va forsiy tilda so‘zlovchi biron-bir inson yo‘qki, u Navoiyni bilmasa, Navoiyni sevmasa, Navoiyga sadoqat va e’tiqod bilan qaramasa. Agar bu ulug‘ zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning shoiridir. Inson qalbining quvonch-u qayg‘usini, ezgulik va hayot mazmunini Navoiydek teran ifoda etgan shoir jahon adabiyoti tarixida kamdan kam topiladi. Ona tiliga muhabbat, uning beqiyos boyligi va buyukligini anglash tuyg‘usi ham bizning ong-u shuurimiz, yuragimizga, avvalo, Navoiy asarlari bilan kirib keladi. Biz bu bebaho merosdan xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni qanchalik 25 ko‘p bahramand etsak, milliy ma’naviyatimizni yuksaltirishda, jamiyatimizda ezgu insoniy fazilatlarni kamol toptirishda shunchalik qudratli ma’rifiy qurolga ega bo‘lamiz. Ma’lumki, biron-bir xalq ma’naviyatiga xos qadriyatlarning boshqa xalqlar tomonidan tan olinishi, tabiiyki, ana shu xalq tarixiga nisbatan chuqur hurmat ifodasidir. Bunday e’tirof xalqning g‘urur va iftixori, milliy o‘zligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Shu ma’noda, keyingi paytda buyuk ajdodlarimizning so‘nmas dahosiga hurmat-ehtirom, ularning boy ilmiy merosini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish xorijiy ellarda ham ortib borayotgani barchamizni quvontiradi. Buning tasdig‘ini dunyoning turli mamlakatlarida ularning hayoti va faoliyati haqida e’lon qilinayotgan ilmiy va badiiy asarlar, ulug‘ ajdodlarimiz xotirasiga barpo etilayotgan yodgorliklar misolida ham ko‘rish mumkin. Shular qatorida Belgiyada Ibn Sinoga, Litvada Mirzo Ulug‘bekka, Moskva, Tokio va Boku shaharlarida Alisher Navoiy bobomizga, Misr poytaxti Qohira shahrida esa Ahmad Farg‘oniy xotirasiga o‘rnatilgan muhtasham haykallarni eslash joiz. (259so‘z) “ALPOMISH” – QAHRAMONLIK QO‘SHIG‘I Ma’lumki, bu dunyoda har qaysi millatning o‘z afsonaviy qahramonlari, o‘zi sevib ardoqlaydigan pahlavonlari bo‘ladi. Xalqimiz azaldan o‘z vujudi, o‘z tomirida mavjud ilohiy qudratga munosib bo‘lmoqqa intilib, o‘z o‘g‘lonlarini mardlik va halollik, jasurlik ruhida, elyurt uchun jonini ham ayamaydigan asl pahlavonlar etib tarbiyalab kelgan. Shu ma’noda, xalq og‘zaki ijodining noyob durdonasi bo‘lmish “Alpomish” dostoni millatimizning o‘zligini namoyon etadigan, avlodlardan-avlodlarga o‘tib kelayotgan qahramonlik qo‘shig‘idir. Agarki, xalqimizning qadimiy va shonli tarixi tuganmas bir doston bo‘lsa, 26 “Alpomish” ana shu dostonning shoh bayti, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Bu mumtoz asarda tarix to‘fonlaridan, hayot-mamot sinovlaridan omon chiqib, o‘zligini doimo saqlagan bag‘rikenglik, el-yurtimizning matonat, oliyjanoblik, vafo va sadoqat kabi ezgu fazilatlari o‘z ifodasini topgan. Shu bois “Alpomish” dostoni bizga vatanparvarlik fazilatlaridan saboq beradi. Odil va haqgo‘y bo‘lishga, o‘z yurtimizni, oilamiz qo‘rg‘onini qo‘riqlashga, do‘st-u yorimizni, or-nomusimizni, ota- bobolarimizning muqaddas mozorlarini har qanday tajovuzdan himoya qilishga o‘rgatadi. Bir paytlar, aniqrog‘i, o‘tgan asrning 50-yillarida, milliy merosimizning ko‘pgina namunalari kabi, “Alpomish” dostoni ham millatchilik ruhidagi asar sifatida qoralanib, qatag‘onga uchragan edi. Usha og‘ir yillarda fidoyi ziyolilarimiz jasorat ko‘rsatib, uni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lganliklarini bugun minnatdorlik bilan eslaymiz. Bu o‘lmas asarni xalqimiz asrlar davomida yaratgan, o‘z iymone’tiqodidek asrab-avaylagan, qancha avlod-ajdodlarimiz “Alpomish” dostoni asosida tarbiya topgan, o‘zligini anglagan, ma’naviy boylikka ega bo‘lgan. Demak, xalqimiz bor ekan, Alpomish siymosi ham barhayot. Chunki “Alpomish” dostoni ijodiy tafakkurimiz, ma’naviy boyligimizning yorqin namunasi bo‘lib, tarixiy ildizlarimizning qanchalik chuqur ekanini, xalqimiz qanday tabiiy-ijtimoiy muhitda shakllanib, rivojlanganini, ajdodlarimizning olis davrlarda ham jamoa bo‘lib, birbiriga yelkadosh bo‘lib, o‘z boshiga tushgan qiyinchiliklarni birgalikda yengib yashaganini yorqin bo‘yoqlarda tasvirlab beradi. Bir so‘z bilan aytganda, xalqimizning yengilmas bahodiri – Alpomish timsolida biz Vatanimizni yomon ko‘zlardan, balo-qazolardan asrashga qodir, kerak bo‘lsa, bu yo‘lda jonini ham fido qilishga tayyor 27 bo‘lgan azamat o‘g‘lonlarimiz — bugungi Alpomishlarning ma’naviy qiyofasini ko‘ramiz. (260 so‘z) BIZ – BUYUK MA’NAVIYAT EGASIMIZ Inson moddiy va ma’naviy ehtiyojlar bilan tirik. Uning vujudi moddiy olam qonuniyatlari bilan yashasa, qalbi va ongi, shuuri ma’naviy olam qonuniyatlari bilan nafas oladi. Masalan, ovqat yeyish, badan tarbiyasi bilan shug‘ullanish –moddiy olam qonuniyatlariga bo‘ysunish alomatidir. O‘ylash, fikrlash ,ishonish, zavqlanish, go‘zallikni sevish– bularning barchasi ma’naviy olam qonuniyatlaridan dalolatdir. Mukammal inson bo‘lish uchun ham moddiy, ham ma’naviy olam qonuniyatlari asosida yashash lozim bo‘ladi. Buning uchun odam o‘zidagi moddiy va ma’naviy ehtiyoj hamda mayllarni boshqara olishi zarur. Demak, inson hayotining mohiyatini tashkil etadigan moddiy va ma’naviy ehtiyojlarni bir-biridan ustun qo‘yib bo‘lmaydi. Qayerdaki moddiy intilishlar kuchayib ketsa, odamlar ma’naviy qiyofasini yo‘qota boshlaydi, ular o‘rtasida o‘zaro hurmat, go‘zallikni qadrlash, haqiqatga ishonch kabi fazilatlar yo‘qoladi. Aksincha, faqat ma’naviy intilishlar bilan ham yashab bo‘lmaydi. Chunki, bunday hayot odamlarnnig moddiy taraqqiyotdan orqada qolib ketishiga, maktab, kutubxona, teatr, muzey kabi ilm –ma’rifat maskanlari qurishga mablag‘ topolmay oxir-oqibatda ruhiy jihatdan qashshoq bo‘lib qolishga olib keladi. Agar dunyo tarixiga nazar solsak, aynan mana shunday yo‘l–moddiy va ma’naviy boyliklardan taraqqiyot yo‘lida imkon qadar keng foydalanish yaxshi natijalar berganini ko‘ramiz. Bularning barchasi sho‘ro davrida shakllangan “moddiy boylik odamni buzadi” degan qarashning nechog‘li noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatadi. Agar moddiy boylik halol mehnat bilan 28 topilgan bo‘lsa va yuksak ma’naviyat asosida ishlatilsa, ezgu maqsadlarga xizmat qilishi shubhasiz. Jahon tarixida o‘zining shaxsiy boyligini ma’naviyatga, o‘z xalqining ma’rifiy taraqqiyotiga sarflagan insonlar ko‘p bo‘lgan. Bizning buyuk ajdodlarimiz ham bu borada ko‘p ibratli ishlarni amalga oshirgan. Xususan, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy o‘z mablag‘i hisobidan yo‘llar, ko‘priklar, hammomlar, karvonsaroylar, kutubxona va madrasalar qurdirgan, iste’dodli shoir, musavvir va adabiyotshunoslarni o‘z homiyligiga olib, ularga maosh to‘lab turgan. Bunday saxovatli ajdodlarimizning ezgu an’analarini bugungi yurtdoshlarimiz munosib davom ettirmoqda. (264 so‘z). SHARQNING MA’RIFAT BESHIGI Qadimiy qo‘lyozmalarda, xususan, Abu Rayhon Beruniy va Mahmud Qoshg‘ariy, Alisher Navoiy va Zahiriddin Bobur asarlarida shahar Choch, Shosh, Binkat, Shoshkent va ilk bor Toshkent nomi bilan qalamga olingan. Toshkentning mayin havosi, maftunkor tabiati, fusunkor bog‘lari mehr-muhabbat ila madh etilgani, butun shahar bo‘ylab o‘tadigan Bo‘zsuv, Salor, Anhor, Qorasuv, Oqqo‘rg‘on, Bo‘rijar, Oqtepa, Qoraqamish kabi jo‘shqin anhor va soylari, musaffo buloqlarining zilol va shifobaxsh suvlari haqida tarixiy manbalarda go‘zal ta’rif-u tavsiflar bitilgani bejiz emas.Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, bu xosiyatli zamindan nomlari butun islom olamida mashhur Imom Qaffol Shoshiy, Shayx Xovandi Tohur, Shayx Zayniddin bobo, Ibrohim ota, Qo‘yliq ota singari aziz-avliyolar, ne-ne ulug‘ zotlar yetishib chiqqanida katta hikmat bor. Bu hududda, shuningdek, Xoja 29 Ahror Valiy, Shayx Umar Bog‘istoniy, Abu Bakr Shoshiy, Abu Sulaymon Banokatiy, Hofiz Ko‘hakiy kabi allomalar yashab, ijod etgan. Buyuk bobomiz Amir Temurning o‘z saltanatidagi ushbu shaharga mehri o‘zgacha bo‘lgan. Temuriylar tomonidan bu yerda barpo etilgan va hozirgacha savlat to‘kib turgan muhtasham binolar zeb-tarovati ana shu yuksak e’tibordan darakdir. Toshkent o‘zining olis va boy tarixi davomida boshidan qanchaqancha sinov va mashaqqatlarni o‘tkazgan, ne-ne buyuk voqealarning guvohi bo‘lgan. Doimo ulkan siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy mavqeini saqlab turgan va shu bois turli davrlarda turlicha ulug‘langan. Poytaxtimizning "Tinchlik shahri", "Do‘stlik shahri", "Jasorat shahri", "Non shahri", "Bog‘-rog‘lar shahri", "Sharq darvozasi" sifatidagi shuhrati Mashriq-u Mag‘ribga yoyilgan. 2007-yili bu ta’riflar qatoriga "Toshkent - islom madaniyati poytaxti" degan yuksak nom qo‘shilgani jahon hamjamiyatining Vatanimiz va uning poytaxtiga chuqur ehtiromining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi. O‘tgan davrda yurtimizda mazkur muhim voqeaga bag‘ishlangan bir qator xalqaro ilmiy va madaniy tadbirlar tashkil etildi. Sharqning ma’rifat beshiklaridan biri sifatida dovrug‘ qozongan Toshkent shahrining 2200 yilligi mamlakatimizda nishonlanadigan katta to‘y ekani barobarida, dunyo miqyosida muhim ahamiyatga ega ulkan voqea hamdir. Shu kunlarda bu qutlug‘ sanaga tayyorgarlik shukuhi yurtimizning barcha hududlarini qamrab olmoqda. Zero, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, Vatanimizning muqaddas ostonasi, davlatimizning bosh shahri bo‘lmish azim Toshkent bilan butun O‘zbekiston xalqi, barchamiz (270 so‘z) haqli ravishda faxrlanamiz. 30 TIL – TAFAKKUR BOYLIGI Til –millatning belgilaridan biri. Dunyoda xalqlar ko‘p, lekin har bir xalq, avvalo, o‘z tili, milliy urf-odat va an’analari, o‘ziga xos turmush tarzi bilan ajralib turadi. Binobarin, xalqning, millatning o‘zligini namoyon qilishda tilning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. O‘zbek xalqi asrlar davomida dunyo sivilizatsiyasiga, umumbashariy qadriyatlar rivojiga ulkan hissa qo‘shib kelmoqda. Bunda Ona tilimizning xizmati katta. Chunki bu til “Devonu lugatit–turk” bo‘lmasa, Mahmud Qoshg‘ariyning kitobi, Ahmad Yassaviyning “Hikmatlari”, Alisher Navoiyning “Xamsa”si , Bobur Mirzoning “Boburnoma”si, Cho‘lpon va Abdulla Oripovning o‘tli she’riyati yaratilmagan bo‘lar edi. Shuning uchun ona tilimiz millatimiz ruhining timsoliga aylanib ketgan. Ona tili–ko‘hna tariximiz, hayotbaxsh qadriyatlarimiz, din-u diyonatimiz, xalqimizga xos dunyoqarash his-tuyg‘ular evolyutsiyasini, tadrijiy taraqqiyotini ko‘rsatuvchi, ajdodlar merosini avlodlarga yetkazuvchi ko‘zgudir. Til xalqning, millatning hisoblanadi. Shuning uchun eng xalqning buyuk qadriyatlaridan ozodlikka, o‘zligini biri namoyon etishga intilishda tilning qadrini tiklash, nufuzini orttirish muhim o‘rin tutadi. Alisher Navoiyning temuriylar davrida o‘zbek tilining obro‘yi uchun kurashgani bejiz emas. XX asr boshida ma’rifatparvar bobolarimiz xalqni ilmga chorlash uchun tilni, alifboni isloh etishga harakat qilishgani ham ulkan ma’rifiy ahamiyatga ega bo‘ldi. O‘tgan asrning so‘ngida esa xalqimiz Prezident Islom Karimov boshchiligida mustaqillik uchun kurash olib borar ekan, avvalo, tilimizga davlat tili maqomini berish yo‘lida sa’y-harakatlar qildi va 1989-yilda, hali sobiq mustabid tuzumi hukumronligi tugamagan bir paytda bu ishni amalga oshirdi. 31 Mustaqillikka erishganimizdan keyin o‘zbek tili rivojiga katta e’tibor berilgani natijasida Konstitutsiyamizda, “Davlat tili haqida”gi Qonunda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi, uni rivojlantirishning huquqiy asoslari belgilab qo‘yildi. Bu o‘zbek tili taraqqiyotida yangi davr boshlanganidan dalolat edi. Bugungi kunda davlatimizning eng muhim hujjatlari shu tilda yozilmoqda. Ona tilimiz davlatlararo muloqotlarda, dunyoning nufuzli minbarlarida, xalqaro anjumanlarda ham keng qo‘llanmoqda. U istiqlol yillarida milliy g‘urur manbaiga, mustaqilligimiz timsoliga aylanib qoldi. (280 so‘z) MUALLIMI SONIY Shom shahri madrasalaridan birida arabshunos olimlarning yig‘ini davom etardi. Raislik qiluvchi yosh bir yigitchaga so‘z berdi. U arab tili shevasining tovush xususiyatlari haqida ma’ruza qildi. Ma’ruza jiddiy bahsga sabab bo‘ldi. Oxirida barcha tilshunos olimlar bu yigitchani arab tili donishmandi deb tan oldilar. Bu– qomusiy bilim sohibi, mashhur faylasuf, shoir, adabiyotshunos va musiqashunos olim Abu Nasr Forobiy edi. Abu Nasr Forobiy sakkiz yuz yetmishinchi yili Sirdaryo bo‘yida, Forob shahriga yaqin qishloqda tug‘ilgan. Forobiy Buxoro va Samarqand madrasalarida bilim oldi. Yosh yigit Forobiy ham ilm o‘rganar, ham muallimlik qilardi. Chunonchi, mashhur olim Abu Sirojiddindan astronomiya va matematikani o‘rganadi, o‘zi esa unga mantiq bo‘yicha dars beradi. 32 Muarrixlarning guvohlik berishicha, Forobiy butun umrini ilm o‘rganishga bag‘ishlab, arab mamlakatlaridagi madrasalarda dars berish bilan kamtarona, faqirona hayot kechirgan. Birgina Shom shahrida uning mingdan ziyod shogirdlari bo‘lgan. G‘animlarning fitnasi bilan hayoti xavf ostida qolganda, uni qutqarganlar ham shogirdlaridir. Forobiy 950-951yillar orasida vafot etgan. Abu Nasr Forobiy qomusiy bilim sohibidir. U 130 ta asar yozganligi, ularning o‘n yettitasi turli olimlarning falsafiy asarlariga yozilgan sharh, oltmishtasi alohida kitob, beshtasi bir qancha maqolalarni o‘z ichiga olgan majmualar hisoblanadi. Bular orasida “Siyosat va madaniyat”, “Ruhning mohiyati haqida risola”, “Fozil shahar kishilarining axloqiy qarashlari”, “Falsafaning muqaddimasi”, “Ilmlar majmuasi” asarlari mashhurdir. Forobiy she’riyat va musiqa nazariyasiga doir kitoblar ham yozgan. Uning she’riyatga doir risolasi o‘zbek va rus tillarida nashr etilgan. Ilm-fanda dunyoda birinchi muallim qadimgi yunon faylasufi Arastu hisoblanadi. Forobiy antik yunon faylasuflaridan Evklid, Aflotun va Arastu asarlarini tarjima qilib, sharhlab, Sharqda keng tarqalishiga katta hissa qo‘shgani va juda ko‘p falsafiy masalalarni o‘sha olimlar darajasida talqin etgani uchun “muallimi soniy” - “ikkinchi muallim” deb nom olgan. Buyuk bobomiz Forobiyning mehnatkashligi, bilim o‘rganish borasida muntazam izlanishi, kamtarligi, oddiy mehnatkashlarga xayrixohligi bizga ibratdir. (293 so‘z). 33 34 35 36